Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘ziga xos bir tadbir

Kuni kecha Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘ziga xos bir tadbir bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur tadbirga o‘tgan yili 8-dekabr kuni start berilgan edi: mamlakatimizning iqtidorli farzandlarini bir maskanga jamlagan maktab-internat o‘quvchilarining fuqarolik pozitsiyasini oshirish maqsadida, Prezident maktabining sardorini saylash nizomi ishlab chiqilishi e’lon qilingan edi.

Bu nizomga muvofiq saylovgacha qadar o‘quvchilar bir necha bosqichdan iborat ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, maktab o‘quvchilari o‘z qiziqishlari va turli mavzularga yondashuvlariga ko‘ra, 4 ta oila – partiyalar atrofida birlashdilar. Har bir partiya (“Innovation Geeks”, “Cerebrum”, “Universe” va “Renaissance”) o‘z yetakchisi, ya’ni sardorlikka munosib nomzodini tanladi hamda jamoa bo‘lib dasturini ishlab chiqdi.

Har bir yetakchi o‘z dasturi bilan barcha partiyalarni bosqichma-bosqich tanishtirib chiqdi, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib bordi. Partiyalar yetakchilari maktabdoshlarini “Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya”da ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z fuqarolik yondashuv va g‘oyalari bilan tanishtirish ishlarini amalga oshirdilar.

Saylov kuni esa nomzodlar “Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya”ning 30 yilligi munosabati bilan o‘z partiyadoshlari bilan tayyorlagan taqdimotlarini namoyish etdilar.

Taqdimotlardan so‘ng barcha o‘quvchilar, o‘qituvchilar va tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida maktabi sardorini saylash uchun ovoz berish jarayoni amalga oshirildi. So‘ngra ovozlar o‘qituvchilar va ma’muriyat xodimlari tomonidan shaffoflik bilan hisoblab chiqildi. Saylov natijalariga ko‘ra, “Innovation Geeks” sardori Temurbek Sulaymonov 27 ta ovoz, “Cerebrum” sardori Firdavs Abdukayumov 34 ta ovoz, “Universe” sardori Shaxzodbek Baxtiyorov 33 ta ovoz to‘pladilar.

“Renaissance” partiyasining sardori Rahmatjon Gaipov esa 69 ta ovoz bilan “Prezident maktabining sardori”likni qo‘lga kiritdi. Rahmatjon Gaipov o‘z nutqida Prezident maktabi hayoti bilan bog‘liq barcha jarayonlarda faol ishtirok etishga, maktabdagi o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom ba barqaror muhit yaratishga, barcha faoliyat turlarida maktab o‘quvchilariga namuna bo‘lishga, shuningdek, Prezidentimiz, xalqimiz, ota-onalarining ishonchini oqlashga harakat qilishini bildirdi.

Kelajakda Toshkent shahridagi prezident maktabi o‘quvchilarining o‘zini boshqarish tizimida ish olib borish tajribasi barcha prezident maktablariga ham tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad – o‘quvchilarning maktab hayotidagi, ya’ni ikkinchi oilalaridagi faolliklarini oshirish, boshqaruv va tashkiliy ishlarda o‘z fikrlarini ifodalashga o‘rgatish.

 Toshkent shahridagi Prezident maktabida joriy yilning 14-yanvar kuni “Vatanga xizmat – sharafli burch!” shiori ostida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga Ichki ishlar vazirligining qorovul qo‘shinlari askarlari tashrif buyurdilar. Ular tomonidan namoyish qilingan chiqish o‘quvchilarda Vatanimiz tinchligini ta’minlovchi barcha xizmatchilarga, yurtimiz sarhadlarida tun-u kun shay turib, osoyishtaligimiz uchun xizmat qilayotgan milliy armiyamizga bo‘lgan iftixor tuyg‘usini yanada kuchaytirdi.

Tadbirda o‘quvchilar tomonidan tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, she’r va qo‘shiqlar Vatanimiz himoyachilari uchun katta bayram tuhfasi bo‘lib, mehmonlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Bayramga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi direktori S.Babaxodjayev, direktorning birinchi o‘rinbosari N.Fayzibayeva hamda agentlik xodimlari tashrif buyurdilar.