Uchish-bu matematika!

 

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan taʼlim sohasiga juda katta eʼtibor berilmoqda. Xususan, ijod maktablari, Prezident maktablarining tashkil etilishi mamlakatimiz rivoji yoʻlida qoʻyilgan olamshumul voqeadir.

Kuni kecha “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy- tadqiqotlarni rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu qaror yurtimizda ilm- fan sohasi rivoji uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, taʼlimni yangi bosqich, yangi pogʻonaga koʻtaradi. Dunyo tanigan olimlarimiz matematika fani va uning shaxs kamoloti , jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni haqida ajoyib fikrlarni bildirgan edilar.

S.V.Kovalevskiy: “Qalban shoir boʻlmagan kishi hech qachon matematik boʻlolmaydi”. M.I.Lobachevskiy:”Hamma gapiradigan aniq til matematikadir”. R.Dekart:”Kim matematikani bilmasa, haqiqatni bilmaydi. Kim matematikani tushunmasa, zulmatda yashaydi”.

D. I. Mendeleyev: “Geometrik bilimlar hamma aniq fanlarning asosini tashkil qiladi”.

Darhaqiqat, koʻp yillik pedagogik faoliyatim davomida matematikani yaxshi biladigan, unga qiziqadigan oʻquvchi tengdoshlariga nisbatan mushohadasining kengligi, tez va kreativ fikrlashi, kuchli xotiraga egaligi bilan ajralib turishiga guvoh boʻlganman. Bunday oʻquvchi, tabiiyki, tilshunoslik nazariyasida ham chuqur va atroflicha bilimga ega boʻladi. Badiiy asarlarni mushohada etib, maʼlumotlarni oson umumlashtiradi, qiyoslaydi.

QQarordailgʻor xorijiy tajriba asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish boʻyicha zamonaviy pedagogik texnologiyalar joriy qilinishi haqida soʻz boradi. “Bolalik inson shaxsining shakllanish davridir”,- degan edi dunyoga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov. Bogʻcha yoshidayoq bolajonlar matematika faniga turli qiziqarli oʻyinlar asosida oshno qilinar ekan, bu ularning kelgusidagi ilmiy salohiyatining shakllanishiga dastlabki qadam ,muvaffaqiyatlari zinapoyasi boʻlib xizmat qiladi.

Muhammad Yusuf nomli ijod maktabida matematika fanini chuqur va atroflicha oʻrganishlari uchun oʻquvchilarga yetarlicha sharoitlar yaratilgan.Maktabimizda tahsil oluvchilarning alohida iqtidori oʻrganilganda, 8-sinf oʻquvchilaring matematika faniga layoqati va intilishi kuchliroq ekanligi aniqlangan . Shuning uchun bu sinfga”Al Xorazmiy” nomi berilgan va akademik soatlar shu fanga yoʻnaltiriladi. Boshqa barcha sinf oʻquvchilari ham, darsdan keyingi mashgʻulotlarda, turli tanlovlar,“Zakovat” intellektual oʻyinlarida tajribali ustozlari koʻmagida matematika fani boʻyicha oʻz bilim va salohiyatlarini oshirib bormoqdalar.

Qarordan kelib chiqqan holda, bu yoʻnalishdagi faoliyatimizni tubdan yangi pogʻonaga koʻtaramiz.Iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning matematika fani boʻyicha mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash borasida tinmay izlanamiz. Asosiy eʼtiborimizni onlayn platforma asosida taʼlim berishni amaliyotga tatbiq etish, masofadan oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish, baholash mezonining shaffof mexanizmlarini ishlab chiqish borasiga qaratamiz.

Zero, yosh avlodning iqtidor va isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlab yangi marralarga yoʻnaltirish , malakali kadrlar sifatida Vatanimizga fidoyi farzand boʻlib yetishishlari uchun qanot berishimiz kerak.

Uchish bu matematikadir !

Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi

direktori Shoxistaxon Nurmatova