XALQARO DARAJADAGI OLIMNING MAHORAT SABOQLARI

#Farmon_ijrosi_amalda 
#Akademik_bilan_muloqot 

 

Toshkent shahridagi Prezident maktabida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi professori, bir qator xorijiy universitetlarning faxriy professori, biologiya fanlari doktori, akademik Bahriddin Zaripov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi.

Akademik Bahriddin Zaripov oʻzining ilmiy va amaliy tajribasi bilan dunyo miqyosida eʼtirof etilgan olimlardan biridir. U AQSHda, NASA shafeligidagi nufuzli loyihalarda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish fiziologiyasi yoʻnalishlari boʻyicha ishtirok etgan. Shu bilan birga, jahon reytingining eng yuqori pogʻonasida turuvchi Garvard universitetida faoliyat olib borib, ilmiy sohada salmoqli yutuqlarga erishgan.

Akademikning ilmiy faoliyati juda keng qamrovli boʻlib, u biologiya va qishloq xo‘jaligi fanlarining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan 400 dan ortiq monografiya, ilmiy maqola, risola, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va ixtirolar muallifi hisoblanadi. Uning izlanishlari ilm-fan rivojiga ulkan hissa qoʻshib, koʻplab yosh tadqiqotchilar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

B.Zaripov oʻquvchilar bilan muloqotda oʻzining ilmiy faoliyati, tadqiqotlari va erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, biologiya fanining dolzarb yoʻnalishlari, xususan, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish fiziologiyasi sohasidagi xalqaro ilmiy tajribalar haqida keng maʼlumot berib, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishning muhimligini ta’kidladi.

Akademik ishtirokidagi mahorat darsi oʻquvchilarimizni ilmiy izlanishlarga qiziqish bilan yondashishga, yangi gʻoyalar ustida ishlashga va ulkan maqsadlarga intilishga ruhlantirdi.