Mamlakatimizda fan va taʼlim sohasidagi keng qamrovli islohotlar natijasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni oʻrganish maqsadida Prezident maktabiga tashrif buyurgan Qozogʻiston Respublikasi Fan va taʼlim vazirligi vitse-ministry Rustem Aydarbekovich Begari rahbarligidagi delegatsiyaga Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari Sanʼat Kamilovich Salayev hamrohlik qildi.
Qozogʻiston Respublikasi delegatsiyasi aʼzolari avvalambor maktab qurilishi va binoning tashqi koʻrinishini oʻrganishdan boshladilar. Ular eng zamonaviy uslubda va dizaynda barpo qilingan maktab binosini har tomonlama chiroyli andozada bunyod qilinganini eʼtirof qildilar.
Delegatsiya aʼzolari maktabda oʻquvchi yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham qiziqdilar. Shuningdek, taʼlim jarayonining Kembridj universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilinishi tartibi haqida ham ko‘plab savollariga javob oldilar. Rustem Aydarbekovich boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Prezident maktabi direktori R.Aminov va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Richard Pashkovskiydan bu toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar oldilar. Shuningdek, mahalliy oʻqituvchilar bilan ham muloqot qilib, ularning javoblaridan mamnunliklarini bildirdilar.
Vitse-ministr va uning hamrohlari maktabda taʼlim olayotgan oʻquvchilar bilan ham suhbatlashdilar. O‘z savollariga ruscha va inglizcha aniq, loʻnda javob berayotgan oʻquvchilarning bilim va fikrlashlariga yuqori baho berdilar. Oshxona, yotoqxonadagi sharoitlarni koʻrib va bu maskanda taʼlimning to‘liq bepul ekanini eshitib, oʻz hayratlarini izhor qildilar. Taʼlimga berilayotgan bunday eʼtibor albatta kelgusida oʻzining yuqori darajadagi natijalarini koʻrsatishi toʻgʻrisida fikr bildirdilar.
Prezident maktabidagi kutubxona fondi, undagi badiiy kitoblar va oʻquv darsliklari bilan ham qiziqdilar. Kutubxona mudiri hamda mehmonlarga hamrohlik qilayotgan maktab oʻquvchilari bilan ingliz tilida boʻlib oʻtgan erkin muloqot, xorijdan keltirilgan darsliklar va badiiy adabiyotlar toʻgʻrisida berilgan maʼlumotlar yuzasidan vitse-ministr ijobiy fikr bildirdi.
Prezident maktabida faoliyat olib borayotgan xorijlik mutaxassislar bilan bo‘lgan suhbat ham samimiy muloqot shaklida oʻtdi. Vitse-ministr ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Qozogʻiston Respublikasi Fan va taʼlim vazirligi vakillarining tashrifi doʻstona va iliq kayfiyatda oʻtdi. Kelajakdagi hamkorlik haqida kelishib olindi.
Mehmonlar yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga, xususan, taʼlim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlarga yuksak muvaffaqiyatlar tilab, doʻstona qabul uchun minnatdorchilik bildirdilar.