Zamonaviy olimlar, ajdodlarga munosib avlodlar yetishtirish burchimizdir

 

Matematika hamisha fanlarning otasi, fanlarning podshosi kabi taʼriflar bilan ulugʻlanib kelingan. Aslida ham mazkur fansiz hech bir sohani mukammal egallab boʻlmaydi.

Shu sababli mamlakatimizda matematika 2020-yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Oʻtgan davr ichida matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, matematik olimlar uchun shart-sharoitlar yaratilib, ularni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, yana qator masalalarda samarali ishlar qilindi.

Shunga qaramay, sohada yechimini kutayotgan masalalar ham oz emas. Prezidentimizning 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ana shunday kamchiliklarni bartaraf etish hamda sohani rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Umumiy qilib aytganda, qaror orqali taʼlimning har bir bosqichi qamrab olingan. Yaʼni, maktabgacha taʼlimdan tortib, ilmiy izlanishlargacha boʻlgan jarayondagi masalalarning yechimi bosqichma-bosqich koʻrsatib oʻtilgan.

Shu oʻrinda quyidagi maʼlumotlarni aytib oʻtishni lozim topdik. Ayni paytda yurtimizda 357 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internati mavjud boʻlib, ularning 229 tasi matematika va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan. Bosqichma-bosqich matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar soni koʻpaytiriladi. Asosiysi, maktablardagi taʼlim berish bilan bogʻliq natijalar koʻrsatkichi yuqori boʻlishi kerak. Buning uchun ham muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda. Qaror esa mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yana-da rivojlantirish hamda takomillashtirishda asosiy vazifani oʻtaydi.

Misol uchun, shu paytgacha boʻlmagan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni taʼminlovchi yaxlit tizim shakllantiriladi. Bu orqali taʼlimning keyingi bosqichlari hamda oʻquvchida tasavvur hosil qilinadi. Shuningdek, pedagoglar oʻzaro fikr almashib, oʻqitishni yaxshilash, koʻproq yangiliklar joriy etish imkoniga ega boʻladilar.

Endilikda farzandingiz bogʻcha yoshidanoq matematika haqidagi tasavvurga ega boʻlib ulgʻayadi. Buning uchun ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish boʻyicha zamonaviy pedagogik texnologiyalar joriy qilinadi. Shu bilan birga, har bir hududda va taʼlimning har bir bosqichida matematika fanlarini oʻqitish sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda yangi maktablarni tashkil etish ham ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Buning uchun, albatta, bizga malakali kadrlar kerak boʻladi. Ana shu maqsadda mazkur fan boʻyicha kadrlarni, xususan qishloq joylardagi maktablarning kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish, matematika fani boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalarni takomillashtirish chora-tadbirlari ham birinchi galdagi masalalar sifatida baholanmoqda.

Qaror koʻlami jihatdan va mazmunan juda keng hamda boy boʻlib, uni soha ahli koʻtarinki kayfiyatda kutib oldi. Sababi unda matematika fani oʻqituvchilari, pedagoglar hamda olimlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish, oʻquvchilarni esa fanga yana-da qiziqishini oshirish bilan bogʻliq islohotlar ham aks etgan.

Taʼkidlash kerakki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufida ham matematikaga yoʻnaltirilgan maktablar mavjud. Bugungi kunda 4 Prezident va 2 ixtisoslashtirilgan, yaʼni, Mirzo Ulugʻbek va Al-Xorazmiy maktablarida 1 ming 420 nafar oʻquvchiga asosan matematika fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi. Ushbu maktablarga saralash imtihonlari ham asosan matematika fanidan amalga oshiriladi.

Ushbu muassasalarda ish samaradorligiga erishish uchun qator tadbirlar joriy etilgan. Jumladan, matematika institutining olimlari mazkur maktablarga biriktirilgan. Olimlar oʻquvchilar uchun maxsus mahorat darslari olib boradi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahridagi Prezident maktabida Akademik Shavkat Ayupov tomonidan mahorat darsi oʻtkazildi. Tabiiyki, bu amaliyot oʻquvchilarda ijobiy oʻzgarishlarni hosil qildi. Ulardagi qiziqish va intilish yana-da oshgani darslar davomida koʻzga tashlandi.

Bundan tashqari, poytaxtimizdagi Prezident maktabida Matematika instituti bilan hamkorlikda xalqaro matematika olimpiadasiga respublika terma jamoasini tayyorlash markazini tashkil qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, matematika boshqa STEAM fanlari kabi ingliz tilida ham oʻrgatilmoqda. Bu, oʻz navbatida, oʻquvchilarimizning kelgusida matematika sohasidagi bilimini xalqaro maydonda namoyon qilishiga keng imkoniyat beradi.

Yana bir gap. Agentlik va “SixClouds Pte Ltd Singapore” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan memorandumga koʻra, “SixClouds” kompaniyasi 4 Prezident va 3 ixtisoslashtirilgan maktabga, kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan matematika fani boʻyicha raqamli oʻquv metodikasi va dasturi begʻaraz taqdim etildi. Bu dastur 5-8 sinf oʻquvchilari uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil qilishda qoʻllanilmoqda.

Albatta, bajarilgan ishlarimiz hali qoʻl bilan sanarli. Oldinda qilinishi kerak boʻlgan muhim vazifalar bisyor. Biz ularni qay tartibda amalga oshirish haqida koʻproq bosh qotirishimiz lozim. Iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning matematika fani boʻyicha mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallashini taʼminlash muhimdir. Onlayn platforma asosida taʼlim berishni amaliyotga tatbiq etish, masofadan oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish, baholash mezonining shaffof mexanizmlarini joriy qilish talab etiladi.

Muhimi har bir qoʻl urgan ishimizni sidqidildan, vijdonan bajarish zarur. Zotan, biz buyuk allomalarning avlodlarimiz. Ularga munosib izdoshlar, zamonaviy olimlarni yaratish esa ham farz, ham qarzdir.

Sarvar BABAXODJAYEV,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan
maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari