A-LEVEL IMTIHONLARIGA RO‘YXATDAN O'TISH BOSHLANDI!

Xorijiy OTMlarga o‘qishga kirish uchun talab etiladigan A-level imtihonlarini o‘tkazish huquqi Ixtisoslashtirilgan ta’lim  muassasalari agentligiga berilgan. Bu esa endi mazkur imtihonlarni o‘zimizda ham topshirish imkoniyatini beradi. Prezident maktablari A-level imtihonlarini o‘tkazuvchi O‘zbekistondagi yagona Markazdir.

-Avvalo, A-level imtihonlari haqida ma’lumot bersangiz? Bu qanday sertifikat, imtihon topshirish talablari qanday?

-A-level sertifikati IELTS, TOEFL va SAT kabi xalqaro sertifikat bo‘lib, unda o‘quvchi bir vaqtning o’zida 5 tagacha fandan imtihon topshirishi mumkin. Sertifikatda qayd etilgan natija o‘quvchining shu fan bo‘yicha ko‘rsatgichini namoyish etadi va xorijiy OTMlar tomonidan tan olinadi. A-level, shuningdek IGCSE va AS level imtihonlarini topshirish uchun yosh cheklovi, maxsus til bilish sertifikatlari talab etilmaydi.

Bu sertifikat xalqaro miqyosda tan olingan va imtihonlarda A+(a+), A (a), B (b), C (c), D (d) yoki E (e) darajalarini olish mumkin. Bunda A+(a+) - eng yuqori, E(e) - eng past ko‘rsatgich hisoblanadi.

Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan kelishuvga ko’ra, Agentlik tizimidagi Prezident maktablariga bu imtihonlarni tashkil etish huquqi berildi. Endi A, AS va IGCSE imtihonlarini topshirish uchun xorijga borishga zarurat yoq – imtihonlar Prezident maktablarida otkaziladi.

  • A-level sertifikati talabgorga qanday imtiyozlar taqdim etadi?

A-Level sertifikati dunyoning 95 mamlakatidagi 1750 dan ortiq oliygohlar tomonidan tan olinadi. Bu ro‘yxatga Times Higher Education tashkiloti tomonidan TOP 20 talikka kiritilgan barcha universitetlar va Buyuk Britaniyada joylashgan oliygohlarning hammasi kiradi. Mazkur OTMlar orasidan Oksford Universiteti, Manchester Universiteti, Stendford Universiteti, Kembrij va Singapur Milliy Universiteti kabi nufuzli xorijiy ta’lim dargohlari ham o‘rin olgan. 

A-level imtihonlarida qayd etilgan natijasiga qarab talabgorning xorijiy OTM ga oqishga qabul qilinish imkoniyati oshadi. Ba’zi universitetlarda mazkur sertifikatdagi korsatgichi kurs davomiyligi va tolov-shartnoma miqdorining kamaytirilishi imtiyozini beradi.

A-level sertifikati Ozbekistonga endi kirib kelayotganini alohida ta’kidlash joiz. Dunyo tajribasida til bilish ko‘rsatgichini aniqlovchi xalqaro IELTS va TOEFL kabi imtihonlar singari, muayyan fan yonalishida A-Level imtihonlarini topshirish ham ommalashgan. Hozirda Agentlik tizimidagi Prezident maktablarining barcha o’quvchilari bu sertifikatga ega. Maktablarimizning ilk bitiruvchilari tomonidan qayd etilgan A-level natijalarini Cambridge Assessment International Education tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Steve King juda yuqori baholagan edi.

  • A-level imtihonlari qay tartibda otkaziladi? Bu sertifikat faqat Prezident maktablari oquvchilari uchunmi?

Yo‘q, mazkur imtihonlarni Respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari o'quvchilari, shuningdek boshqa istovchilar ham topshirishlari mumkin.

2022/2023-o‘quv yilidan e’tiboran Respublikamiz hududidagi barcha Prezident maktablari mazkur imtihonlarni o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi. Bunda Toshkent shahri va hududlardagi Prezident maktablari mazkur sertifikatlar uchun imtihonlarni tashkil etuvchi Test markazlari vazifasini bajaradi.

AS/A level va IGCSE sertifikatlari uchun imtihonlar an’anaviy tarzda yilda ikki marta - oktabr-noyabr oylarida va may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadi. 

Agentlik esa, Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda markazlashgan tartibda imtihon jarayonlarini tashkil etadi va jarayonni nazorat qiladi. Imtihon savollari va sertifikat Cambridge Assessment International Education tomonidan taqdim etiladi.

Agentlik Axborot xizmati