Ixtisoslashtirilgan maktablar

Hozirda faoliyat olib borayotgan 182 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda 63 ming nafardan ziyod oʻquvchilarga uch bosqichli tanlov natijalariga koʻra saralab olingan 7 ming nafardan ortiq oʻqituvchi taʼlim tarbiya berib kelmoqda. 

Tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarda aniq fanlar (matematika, fizika, ingliz tili) va tabiiy fanlar (kimyo, biologiya, ingliz tili) bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishi hamda sunʼiy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT boʻyicha qoʻshimcha kurslar yoʻlga qoʻyildi.

Iqtidorli yoshlarga bilim berish, oʻz bilimlarini amaliyotda qoʻllay bilishlari maqsadida har bir maktab fizika, kimyo va biologiya oʻquv fanlarining zamonaviy laboratoriya va robototexnika jihozlari, kimyoviy reagentlar bilan taʼminlangan.

Faoliyati tashkil etilganidan uzoq muddat oʻtmaganligiga qaramay, ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari shu kunga qadar 23 turdagi xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib jami 95 ta (11 ta oltin, 29 ta kumush, 55 ta bronza) medalni qoʻlga kiritdilar.

2022/2023 oʻquv yilida ixtisoslashtirilgan maktablarda amaliyotda qoʻllanilgan yangi taʼlim dasturlari, dars oʻtishning ilgʻor metodikalari va oʻquvchi bilimini baholashning zamonaviy usullari 2023/2024 oʻquv yilida respublika boʻylab 500 ta umumtaʼlim maktablariga joriy etildi. Bu amaliyot 2024/2025 o‘quv yilida yana 1000 ta umumtaʼlim maktabiga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Qisqa muddat davrda 2022/2023 oʻquv yilning oʻzida 3744 nafar 11-sinf bitiruvchilarning 3257 nafari (87%) oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan. 

Mirzo Ulugʻbek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablari xalqaro bakalavriat (International Baccalaureate - IB) tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtkazilmoqda. Bu orqali bitiruvchilar maktabni bitirganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi berilishiga erishiladi.

Respublikamizdagi 182 ta ixtisoslashtirilgan maktablarning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 15 tasida ta’lim qoraqalpoq tilida, Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek va Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim rus va o‘zbek tillarida qolgan barchasida ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi. 

Ixtisoslashtirilgan maktablarning 44 tasi maktab-internat bo‘lib, ushbu ta’lim dargohlarida o‘quvchilar 5 mahal issiq ovqat bilan bepul ta’minlanadi.