PREZIDENT TA’LIM MUASSASALARI AGENTLIGI TIZIMIDA GENDER TENGLIK
Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda tizimdagi tashkilot va ta’lim muassasalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun barcha mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lib, ular teng huquq va imkoniyatlardan foydalanishmoqda.
Agentlik markaziy apparatida jami 67 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Faoliyat yuritayotgan xodimlarning 23 nafarini (34,2 %) xotin-qizlar, 44 nafarini (65,8%) erkaklar tashkil etadi.
Hozirgi kunda Agentlik markaziy apparatidagi tarkibiy bo‘limlarda 7 nafar ayollar rahbarlik lavozimida faoliyat yuritishmoqda.
Bevosita tizimda mehnat qilayotgan 5626 nafar pedagog xodimlarning 2680 (47 %) nafarini ayollar tashkil etadi. Tizimdagi rahbar xodimlarning orasida ham ayollar soni haqida aytadigan bo‘lsak, mavjud 194 nafar maktab direktorlaridan 59 (30%) nafari, 13 ta Hududiy bo‘lim boshliqlaridan 3 nafari ayollar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 66647 nafar o‘quvchilardan 29329 (44 %) nafarini qizlar tashkil etadi.
Prezident ta'lim muassasalari agentligida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkiloti tashkil qilingan bo‘lib, mazkur boshlang‘ich tashkilot raisligi Agentlik direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi zimmasiga yuklatilgan. Mazkur boshlang‘ich tashkilot tizimda ayollar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning sport bilan shug‘ullanishlari, o‘qish va ishlash sharoitlarini yanada yaxshilash ustida ish olib boradi. Hozirda aynan ular orqali tizimdagi xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini keng targ‘iboti amalga oshiriladi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda gender tengligi masalalarini maktabdan boshlab yoshlarning ongiga singdirib boradi. Bunda qizlar va o‘g‘il bolalarga barcha muassasalarda teng sharoitlar yaratilganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ta’lim muassasalarimizda o‘quvchilarga nafaqat gender tengligi, jinsiy teng huquqlilik masalalari, balki xotin-qizlarga bo‘lgan sharqona hurmat, xotin-qizlarni e’zozlash, ona misolida ayollarni qadrlash ko‘nikmalari bolalar ongiga singdirib boriladi.
Masalan, “Tarbiya” va “Davlat va huquq asoslari” fanlarida o‘g‘il va qiz bolalarning teng huquqliligi, ularning jamiyatda bir xil mavqega ega ekanligi to‘g‘risida tushunchalar berilgan.
2021-2022-yillarda o‘quvchi-qizlarni zamonaviy sohalarga qiziqtirish, o‘quvchi-qizlarning zamonaviy bilim-ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ma'naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, kasb-mahoratini oshirish maqsadida Agentlik tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” NNT bilan hamkorlikda “Raqamli avlod qizlari” loyihasi tashkil etildi.
Quvonarlisi, o‘tgan yili mazkur tadbir doirasida 1000 dan ziyod arizalar kelib tushgan va 50 nafardan ortiq qizlar ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil arizalar soni
2 000 tadan oshdi va ular orasidan 60 nafar qizlar offlayn o‘qish uchun saralab olindi. Darslar onlayn tarzda ham tashkil etilib, mashg‘ulotlarni Respublika bo‘ylab kuzatib borishdi.
Agentlik tasarrufidagi ta’lim muassasalarida o‘quvchi-qizlarda zamonamiz qahramonlari bo‘lgan ayollar bilan uchrashuvlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy yilning 4-oktabr kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Toshkent Prezident maktabida mashhur gimnastikachi Oksana Chusovitina bilan uchrashuv tashkil etildi.
Agentlik va tizimdagi ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida nazarda tutilgan ayrim toifadagi xodimlarga nazarda tutilgan qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar qo‘llanib kelinmoqda.
Xususan, homilador ayollarni va bolasi bor ayollarni ishga qabul qilish, ayollarga yillik ta'tillarni berish navbatini belgilashdagi imtiyozlar, homiladorlik va tug‘ish ta'tillari, homilador va bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar so‘zsiz qo‘llanilmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan mazkur sohada qabul qilingan “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini ijrosini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi hamda ijrosi ta’minlanmoqda.
PDF shaklda yuklang: Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida gender tenglik
__________________________________
Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarovaning “Qiz bolaga ta’lim berish butun millatga ta’lim berish bilan teng” nomli maqolasi