Agentlik tizimidagi maktab o‘qituvchilari uchun psixologik trening o‘tkazildi

Joriy yilning 23-avgust kuni Psixologiya fanlari nomzodi, “Grand medical service” neyropsixologik markaz rahbari Shirinoy Mustafoyeva ishtirokida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi ustoz va tarbiyachilariga psixologik trening o‘tkazildi. 

Ushbu tadbirdan asosiy ko’zlangan maqsad yangi o’quv yiliga ham ma’nan, ham jismonan tayyorgarlik ko’rish hamda o’quvchilar bilan ishlashda ijodkorlikni shakllantirishdan iborat. Ta’lim sohasida o‘tkazilayotgan barcha islohotlarning bosh maqsadi zamirida yoshlarni uzluksiz ta’lim tizimi bosqichlarida davlat ta’lim standartlari talablari darajasida bilim, ko‘nikma va malakalarini hosil qilish yotadi. Bu esa o‘qituvchidan o‘z ishiga mas’uliyat, ijodkorlik va izlanuvchanlik bilan yondashib faoliyat ko‘rsatishni talab etadi. 

Har qanday ziddiyatli hollarda ham o‘quvchilar ko‘ngliga yo‘l topa olishimiz, ularni tushunishimiz va albatta, sevishimiz shart. Zero, bugungi kun o‘quvchisi ertangi yorug‘ kunlarimiz bunyodkoridir. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya zamiridagi   barcha islohotlarning mazmun-mohiyatidan shuni anglash mumkinki, bugun Oʻzbekiston porloq va farovon kelajak zamirini ilm-ma'rifatning ezgu poydevori bilan barpo etmoqda.