Agentlik va maktablarning hamkorlikdagi ishlari – millatimiz iqtidorlari uchun qulay muhit yaratishga yo‘naltirilgan

O‘zbekiston Respublikasi kelajagining “oltin fondi”ni tarbiyalash mas’uliyati rahbar xodimlardan kuchli huquqiy bilim, yuksak ma’naviyat va o‘z vazifalariga vijdonan halol yondashuvni taqozo etadi. Shu sababli ham kelajakda barcha umumta’lim maktablarga namuna bo‘lishi kutilayotgan ta’lim muassasalarining rahbarlaridan alohida mas’uliyatli bo‘lishni talab qiladi.

2020-yil 8-yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida O‘zR VM huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi maktablar direktorlari, o‘quv ishlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun seminar-trening o‘tkazildi. “O‘quv muassasasining menejmenti masalalari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda innovatsion tarzda bunyod qilingan ta’lim muassasalarining rahbar xodimlariga o‘z qaramoqlaridagi maktablarda ishni samarali tashkil etish, o‘quvchilarga har tomonlama qulay va xavfsiz sharoitlar yaratib berish bo‘yicha zarur bilimlar, bu yo‘nalishda mavjud qonun hujjatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Jumladan, maktab rahbarlariga Agentlik xodimlari tomonidan “Ta’lim muassasasini boshqarishda normativ hujjatlar bilan ishlash”, “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda sanitariya qoidalari va me’yorlariga rioya qilish”, “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarini ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalash va psixologik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida o‘qitish tizimini rivojlantirish va shakllantirish”, “Ijtimoiy-psixologik muhit – jamoadagi ish jarayonining ajralmas qismi” mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi. Mazkur sohalarda ishlarni qonun nuqtayi nazaridan savodli, samarali tashkil etishi maqsadida, dolzarb normativ hujjatlar, ish shaklining o‘ziga xosligi va talab etiladigan bilim va ko‘nikmalar haqida fikr almashildi.

Agentlik taklifiga ko‘ra tashrif buyurgan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimi O.Usmonov “Attestatsiya – pedagog xodimlarni rag‘batlantirish va motivatsiyalash asosidir” mavzusida ma’ruza qildi. Maktablar rahbarlariga 2020-yilda attestatsiyadan o‘tishi rejalashtirilgan 88 nafar o‘qituvchilarning portfoliolarini shakllantirish; test, yozma ish yoki ijodiy imtihondan o‘tish tartibi, umuman, mazkur jarayonni o‘tkazishni reglamentlovchi normativ hujjatlar bilan ishlash tartibi to‘liq tushuntirildi. Ishtirokchilar barcha savollariga javob oldilar.

Interfaol tarzda tashkil etilgan seminar-trening samarali o‘tib, kelgusida ochilishi ko‘zda tutilgan innovatsion maktablarda ham ishni tashkillashtirishda zarur bo‘ladigan vazifalarni belgilab olishga turtki berdi. Rahbariyat, o‘qituvchi va pedagoglar, shuningdek, xo‘jalik xodimlari tomonidan vazifalarning vijdonan bajarilishi, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bosh maqsadimiz – bolalar uchun samarali ta’lim muhitini yaratishda muhim omil bo‘lishi asoslab berildi.

Seminar-trening ishtirokchilariga elektron va tarqatma materiallar taqdim qilindi