Amirulla Abdullayev PIIMA direktori oʻrinbosari etib tayinlandi

 

Oʻzbekiston hukumati qarori bilan Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga direktori oʻrinbosari tayinlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-sentyabr kuni qabul qilgan qaroriga koʻra, Amirulla Hazratovich Abdullayev Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga (PIIMA) direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mazkur tayinlovga qadar Amirulla Hazratovich Abdullayev PIIMA agentligining Prezident maktablari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan. U Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya” DUK direktori oʻrinbosari sifatida mamlakatimizda Prezident maktablari yaratish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish jarayonida ishtirok etgan.

2018-yil yanvar oyidan 2019-oktyabr oyiga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Abdullayev bakalavr darajasini Guliston davlat universitetida hamda magistr darajasini Xirosima universiteti (Yaponiya)da olgan. Turli yillarda u oʻqituvchilarni xorijiy tillarga tayyorlash boʻyicha Ukraina, AQSH, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyada oʻquv kurslarida ishtirok etgan va shu bilan birga taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha oʻz malakasini ham oshirib borgan.