Agentlik tomonidan “Yangi O‘zbekiston” universitetiga qabul jarayonlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi

Bugun, 10-avgust kuni Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yangi O'zbekiston" universitetiga qabul jarayonlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. 

Unda Agentlik rahbari Hilola Umarova, "Yangi O'zbekiston" universitetini tashkil etish bo'limi boshlig'i Samariddin Shamsiyev va xorijiy mutaxassislar  ishtirok etishdi. “Yangi O‘zbekiston” universitetining faxriy rektori Volfgang Herrmann va universitetning kimyo muhandisligi fakultetida dars berishga taklif qilingan va hozirda Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan Elyorjon Jumaev anjumanga ZOOM orqali bog‘lanishdi.

Matbuot anjumanini Agentlik rahbari Hilola Umarova boshlab berdi:
"Ma'lumki, malakali kadrlar mamlakat taraqqiyoti uchun eng kerakli jihatdir. "Yangi O'zbekiston" universitetini tashkil etish orqali biz bozordagi eng talabgir sohalarda mutaxassislar tayyorlashga muvaffaq bo'lamiz. Bu esa mamlakatimiz hududida ilm-fanning yangi markazi paydo bo'lishiga zamin yaratadi".

"Yangi O'zbekiston" universitetining faxriy rektori bo'lishi ko'zda tutilgan Volfgang Herrmann anjumanga ZOOM ilovasi orqali bog'lanib, yangi oliygoh haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi:

"Shubhasiz, har bir mamlakatning kelajagi yosh avlod bilan uzviy bog'liqdir. Shunday ekan, yangi universitetning tashkil etilishini birinchi navbatda kelajakka kiritilayotgan ulkan investitsiya, deb hisoblayman. Men 50 yildan oshiqroq vaqt ta'lim sohasida ishladim. Shuning uchun ham, yurtingizdagi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va “Yangi O’zbekiston” universitetini tashkil etish g'oyasini juda yuqori baholayman".

Janubiy Koreyaning Sejong universiteti ilmiy tadqiqotchisi professor Elyor Jumayev ham yangi universitet haqidagi fikrlari bilan o’rtoqlashdi:

"Meni "Yangi O'zbekiston" universitetining Kimyo muhandisligi fakultetida dars berishga taklif qilishganidan juda xursandman. Mazkur oliygohning xalqaro standartlar asosida, xorij tajribasiga asoslangan holda faoliyat olib borishi rejalashtirilmoqda. Bu esa ilmiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilarni o'ziga tortishi tabiiy. “Yangi O’zbekiston” universiteti  mamlakatimiz yoshlari uchun yangi imkoniyatlarga yo’l ochib berishiga aminman”.

Ma'lumot o'rnida, joriy yilning 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidetining “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori imzolandi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti o'z yo'nalishida "Dunyoning eng yaxshi 100 universitetlari" reytingida 1-o'rinlarda turadigan Massachuset texnologiya instituti hamda xalqaro sifat standartlariga muvofiq kompleks va ilmiy-texnik markazlarini yaratishda Myunxen Texnika universiteti bilan hamkorlik qiladi. 

Universitet talabalariga eng nufuzli mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va hatto chet elda ham amaliyot o‘tash imkoni beriladi.  Shuningdek, iqtidorli va akademik muvaffaqiyatga erishgan talabalar uchun turli grantlar taqdim etiladi.