“Cambridge Assessment” vakillari Namangan shahridagi Prezident maktabiga onlayn tashrif oʻtkazdilar

“Cambridge Assessment International Education” tashkiloti vakillari Namangan shahridagi Prezident maktabiga virtual tashrif oʻtkazdilar.

Tashrif kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) va “Cambridge Assessment International Education” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Virtual tashrifning asosiy maqsad joriy yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan “Cambridge Assessment International Education” tashkilotining tashrifidan avval STEAM taʼlim dasturini Namangan shahridagi Prezident maktabiga joriy etilganligini hamda “Cambridge” taʼlim tizimiga qoʻshilish uchun amalga oshirilgan ishlar va bajarilishi lozim boʻlgan masalalarni oʻrganib, maktabga amaliy yordam berishdan iborat.

Virtual tashrif doirasida Namangan shahridagi Prezident maktabining oʻquv jarayoni, maktab sharoiti, yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlari hamda oʻquvchi va oʻqituvchilarning faoliyatlari oʻrganildi.

Dastlab maktab hayoti va taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish haqida maktab maʼmuriyati tomonidan maʼlumot berildi va shundan soʻng onlayn video tasvirlar orqali barcha jarayonlar koʻrsatildi.