“Cerebrum” - tafakkurning zamonaviy sinovi


       Zamonning shiddatiga bugungi yoshlarning shijoati qo`shilganda qanday katta marralarni zabt eta olish mumkinligini har soha o`z g`alabalari bilan namoyon etmoqda. Rivojlanishning eng yuksak cho`qqisi esa hamisha taffakkur va tasavvurning voqelanishi orqali zabt etiladi. Ilm-ma’rifatga tayanilgan har bir faoliyat - bu najot, bu farovon hayot demakdir. Bejiz Ilmga ishongan qo`llar qanotga aylanadi deb aytmaydilar.

      Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatida ham , aslida, buyuk moziydan sas berib turgan, hali hamon o`z tafakkur yolqinlari bilan bashariyatni hayratga solayotgan ajdodlarimiz izidan shahdam odimlayotgan, kelajakda   katta marralarni ko`zlagan yoshlarning ilmiy va ijodiy hayoti aks etadi. Bugun ularga havas-la boqmagan ko`z, ularga yaratilayotgan imkoniytlarni e’tirof etmagan yurak qolmadi. Bu havaslar, bu ishonchlarga munosib bo`lish esa maktab o`quvchilarini tinimsiz ilmiy-ijodiy faoliyatga undamoqda. Karantin sharoiti bo`lishiga qaramay PIIMA tasarrufidagi maktablarda ta’lim tizimi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi  tomonidan o`quvchilarning darsdan tashqari bo`sh vaqtlarini mazmunli va samarali o`tkazishlarini tashkillashtirish maqsadida “Cerebrum” nomli intellektual – mantiqiy tanlovi o`tkazildi.  PIIMA qoshidagi maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng kuchli jamoalarni aniqlash, oʻquvchilarni karantin vaqtida intellektual ijodkorlikka jalb etish, iqtidorli oʻquvchilar orasida raqobatbardosh muhitni yaratish, Masofadan turib jamoa bilan ishlashni rivojlantirish, oʻquvchilar oʻz ustida ishlashi uchun qulay muhit yaratish,  ilmiy – ommabop tadbirlarni tashkil qilish metodikasini rivojlantirish kabi qator tizimli maqsadlarni o`zida jam etgan mazkur tanlov jo`shqin va bahs-munozarali onlarga boy o`tdi. Ilk marotaba tashkil etilayotgan tanlovning har bir turniri agentlik tasarrufidagi maktab o`quvchilarida katta qiziqish uyg`otdi.  Dastlabki saralash bosqichi 2020 yil, 20 may kuni soat 15:00 da oʻtkazildi va unga 16 jamoa  (4 Prezident maktabi (Toshkent, Xiva, Namangan, Nukus, ), 9 ijod maktablari va 3 ixtisoslashtirilgan maktablar) jalb etildi.  Jarayonalarni kuzata turib shunga amin bo`ldikki, o`quvchi yoshlar tafakkuri yuksak, tasavvuri keng. Ular tom ma’noda buyuklar vorisi. Dastlabki bosqich natijalarga ko`ra 4 ta maktab : Toshkent shahridagi Prezident maktabi , Xiva shahridagi Prezident maktabi, Namangan shahridagi Prezident maktabi hamda Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi jamolari final bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdilar .

Finalga  bugun -  22 may kuni 15:00 da start berildi. Savollar ko`lami va yuki jihatidan anchagina murakkab, mantiqiy, keng mushohadani talab etadigan bo`lishiga qaramay ishtirokchilar kuzatuvchilarni hayrat va xursandchilikka yetakladilar. Dastlabki 5 topshiriqda kuchlar teng harakatda bo`ldilar, keyingi savollarda esa Namangan shahridagi Prezident maktabi jamoasi ustunlikni qo`lga oldi. Savollar yuksak, ammo tafakkurga tayangan yoshlar salohiyati undan-da yuksak. Finalning har bir savolini jiddiy qaragan Namangan shahri jamoasi o`yin so`ngiga qadar peshqadamlikni qo`ldan bermadi. Masofaviy bo`lsa-da, jamoa a’zolari: Inomjonov Mironshoh, To`ychiboyev Otabek, Maxamadismoilov Shukurbek, Hamidullayev Adhamjon, Siddiqjonov Mahmudjon, Mallaboyev Davlatalilarning  hamfikrligi, hamqadamligi, o`zaro hurmat va ishonchi Namangan shahridagi Prezident maktabiga tanlovning mutlaq g`olibligini taqdim etdi. Natijalarga ko`ra:

    Namangan shahridagi Prezident maktabi – 1-o`rin

    Xiva shahridagi Prezident maktabi – 2-o`rin

   Toshkent shahridagi Prezident maktabi3-o`rin bilan ishtiroklariga mos ravishda oltin, kumush, bronza medallari bilan taqdiirlandilar.

         Bu tanlov o`z maqsadlari bilan bir qatorda o’quvchi yoshlarda har qanday sharoitda ham ilmiy salohiyat, tafakkur mashqlari insonga ishonch, hurmat, e’tibor va albatta, e’tirof keltirish hissini rivojlanishi va yuksalishiga katta turtki bo`ldi. Bu kabi tanlovlar ma’rifatning, tafakkurning cheksizligini, ilm olami asl yuksalish omili ekanini isbot etadi. Zero, oliy tafakkurda sarhad bo`lmaydi.

Ko`z ilg`amas ummonnning bor adog`i,
Bog`-u dala, o`rmonning bor adog`i.
Hatto moviy osmonning bor adog`I,
Ammo oliy tafakkurda sarhad yo`q.
Bu olamning jumbog`i ko`p,
Bu olamning so`rog`i ko`p.
Bu olamda savol cheksiz,
Bu olamda savol cheksiz.