"Duel" tanlovining Respublika bosqichi g'oliblari taqdirlandi


Joriy yilning 18-iyun kuni Erkin Vohidov nomidagi Ijod maktabida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Yosh ijodkorlar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “DUEL” tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘z olgan shahar hokimi Adhamjon Ziyavitdinov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Xosiyat Rustamova, respublika Yosh ijodkorlar Kengashi raisi Mehrinoz Abbosova, Javlon Jovliyev, Shohruh Najod, Anvar Botirlar nazm, nasr, badiiy tarjima va tasviriy san’at yo‘nalishlarida izlanishlar olib borayotgan 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 400 nafardan ziyod iqtidor egalarini o‘zida birlashtirgan ushbu tanlovning maqsad va vazifalari xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Uch kun davom etgan  mazkur loyiha dasturi davomida hakamlar hay’ati ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlarning badiiy saviyasi, o‘ziga xosligi, mavzuning to‘liq ochib berilishi, mazmun va g‘oya ko‘lami, syujetning izchilligi, yozilish uslubining o‘ziga xosligi, muallifning savodxonlik darajasi, tasviriy san’at asarlarida esa ranglarning o‘zaro uyg‘unligi, uning professionallik va mukammallik darajasini munosib baholab bordilar.

Qizg‘in ruhda kechgan nasriy va nazmiy mushoira va bellashuvlardan so‘ng g‘oliblar nomi e’lon qilindi. Unga ko‘ra tanlovning nazm yo‘nalishida Masihulloh Madaminov 1-o‘rin, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi 10-sinf o‘quvchisi Rustamjon Halimov 2-o‘rinni nasr yo‘nalishida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi 11-sinf o‘quvchisi Sanjar Ikromov faxrli 1-o‘ringa munosib deb topilib tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga loyiha tashkilotchilari tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir yakunida maktab direktori Nigoraxon Mannopova tashrif buyurgan mehmonlarga, tashkilotchilarga maktab nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.