Eng faol, eng ilgʻor boʻlish istagi har bir oʻquvchini yuksaklikka, taraqqiyotga boshlaydi

 

Inson tabiatida ajib bir xislat bor. Yaʼni, barchamiz bolaligimizdan hammadan zoʻr, hammadan aqlli, hammadan chiroyli, hammadan ilgari boʻlishni istaymiz. Va bu istaklar vaqt oʻtgani sayin koʻpayib boraveradi. Mana shu ichki raqobat, oldinga intilish bor ekan jamiyatda rivojlanish, yuksalish boʻladi. Shundan boʻlsa kerak taʼlim tizimida “eng faol”, “eng ilgʻor” va shunga oʻxshash bellashuvlar odatga aylangan. Oʻylashimcha, hammadan oldinda boʻlishga harakat samimiy, shaffof boʻlishi kerak. Ana shunda boshqalarning qalbiga ozor berib qoʻymaymiz.

Maktab davrimizda “eng yaxshi oʻquvchi”, “eng namunali oʻquvchi” boʻlishga intilganmiz. Bugungi yoshlar ham ana shunday tirishqoqlik bilan oʻqib, izlanmoqda, oldinga harakat qilmoqda. Oʻz navbatida, Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasi hamda mutasaddi tashkilotlar ularning bilimini sinovdan oʻtkazish va yana-da mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham yoʻlga qoʻygan. Hattoki, bugungi karantin davrida ham ushbu anʼana davom ettirilib, uyda tahsil olayotgan oʻgʻil-qizlarni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga maqsadida fan olimpiadalari, bellashuvlar masofadan turib oʻtkazilmoqda.

Xususan, Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab internati oʻquvchilariga masofadan taʼlim-tarbiya berishni amalga oshirish bilan bogʻliq topshirigʻi asosida “Eng faol oʻquvchi”, “Eng faol sinf” nominatsiyalarida tanlov joriy qilindi. Bu orqali har bir oʻquvchi va sinflar olib borilayotgan televizion darslarga qatnashishi, ularning faolligi, oʻrganayotgan darsliklar va oʻzlashtirishlari sinovdan oʻtkaziladi. Taʼlimning yangi tizimini oʻzlashtirish, videodarslarda ishtirok etish, berilayotgan vazifalarni sifatli bajarish ham tanlov gʻolibini aniqlashda eʼtiborga olinadi.

Shuningdek, oʻquvchining mustaqil ravishda oʻz ustida ishlash koʻnikmasini rivojlantirish masalasi ham qamrab olingan boʻlib, bu orqali bolada oʻziga boʻlgan ishonch, fikrlash, mulohaza yuritish, oʻz xatolarini toʻgʻrilash koʻnikmasi shakllanadi. Oʻtilayotgan mavzular boʻyicha berilayotgan test savollari esa mustaqil ishlashning yana bir ifodasidir. Mana shular bilan bir qatorda, “Tengdosh-tengdoshga” loyihasi ham keng qoʻllaniladi. Tabiiyki, unda faol ishtirok etgan oʻquvchi va sinflar reytingi telegramm kanali orqali aniqlanadi. Erishilayotgan ijobiy natijalar esa ilgʻor tajriba sifatida ommalashtiriladi.

Aytish mumkinki, farzandlarimiz masofadan tahsil olayotgan boʻlsa-da, sogʻlom raqobat asosida bilimini ravishda oshirib borishadi. Ixtisoslik fanlari boʻyicha ham alohida dastur asosida chuqurlashtirilgan bilimga ega boʻladi. Muhimi, oʻgʻil-qizlarni darsga qiziqtirish, faollarni ragʻbatlantirish orqali barchaga taʼsir koʻrsatish, ularni ruhlantirish kabi masalalarda ham yaxshi natijaga erishish maqsad qilingan.

Shuni unutmaslik kerakki, har bir boshlangan ish yaxshi natija bilan yakun topishi birgina insonga bogʻliq emas. Oʻqituvchilar bolani qiziqtira olsa, darsga yaxshi jalb qila olsa, oʻquvchilar faol ishtirok etadi. Buning uchun ota-onalar ham bolani qarovsiz qoldirmasdan, darslarda qatnashishi uchun sharoit yaratib berishi, uning oʻqishini nazorat qilib borishi lozim. Ana shunda oʻquvchida masʼuliyat boʻladi. Uni birgina sinfdagi oʻqituvchi va sinfdoshlari emas, balki yuzlab koʻzlar kuzatib turganini his etadi. Tabiiyki, videodarslarda faol ishtirok etib, test savollari hamda turli loyihalarda oldingilar safida boʻlishga intiladi.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, mazkur tanlov bolaning boʻsh vaqtini mazmunli hamda toʻgʻri tashkil etish, sinfdoshlari bilan doʻstona munosabatda boʻlish, shaxsiy gigiyena qoidalari amal qilish, shuningdek, tarbiyaning boshqa estetik jihatlarini ham oʻzida qamrab olgan. Farzandlarimizning ham jisman, ham maʼnan sogʻlom boʻlishi uchun yoʻnaltirilgan tanlovda badan tarbiya, jismoniy mashqlar, oʻqishdan tashqari alohida iqtidorni namoyish etish masalasi ham alohida oʻrin olgan. Aytaylik, kimdir uyda mustaqil sport bilan shugʻullanadi, kimdir esa mohir raqqos yoki moʻyqalam sohibi, yana boshqa oʻquvchi esa ilmiy ish bilan band boʻlishi mumkin. Ana shunday tirishqoq hamda iqtidorli bolalar tahsinga, ragʻbatga munosib. Ularning amaliy ishlari esa ommalashtirilishi mumkin. Tanlov gʻoliblarini aniqlashda ushbu jihatlar ham eʼtiborga olinadi.

Umuman olganda, har oyda bir nafar eng faol oʻquvchi va bitta eng faol sinf tanlab olinadi. Ularning nomi eʼtirof etiladi. Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. Asosiysi, har bir oʻquvchi gʻoliblik uchun intilish orqali izlanadi, doimiy harakatda, oʻqishda va izlanishda boʻladi.

Oʻylaymizki, ota-onasi hamda ustozlarining ishonchini oqlash, olayotgan bilimini sinovdan oʻtkazish va yana-da mustahkamlash, ertaga oʻz kasbining ustasi boʻlib yetishishni istagan har bir bola tanlovda faol ishtirok etadi. Yuksaklikka intilgan, yaxshi oʻqib, goʻzal xulq egasi boʻlishni istagan har bir bola esa gʻolib sanaladi. Ana shunday asil farzandlarning koʻpayishi taraqqiyot, demakdir, yuksalish demakdir.

Zilola Ubaydullayeva,
jurnalist.