Farzandi Prezident maktabida o'qiydigan ota-ona bilan suhbat

Alisher Bekniyazov - payvandchi, Muhabbat Eshimova esa uy bekasi. Uch farzandning ota-onasi Qoraqalpogʻistonning Taxıyatosh shahrida istiqomat qilishadi. Ularning kenja farzandi Jasurbek Eshniyazov Nukus shahridagi Prezident maktabining 8-sinfida tahsil oladi. Jasurbek televizorda Prezident maktablari ochilganligi haqidagi lavhani koʻrganda, koʻnglida bu maktabda o‘qish istagi paydo bo‘ladi. 

Umumta’lim maktabida olgan bilimi asosida Prezident maktabiga o‘qishga kirgan bu iqtidorli o‘quvchi hozirgi kunda Prezident maktabining eng namunali o'quvchilaridan biri. Maktab taassurotlari haqida uning ota-onasi bilan suhbatlashdik.

 - Farzandim Prezident maktabiga kirish imtihonining birinchi bosqichidan o‘tganini eshitganimdayoq juda quvongandim. Hozirda uning ushbu maktabning o‘quvchisi ekanidan xursandman,-deydi Muhabbat opa.

 - Prezident maktabida o'qish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, o'g'lim bilan maktabi haqida gaplashganimda dunyoqarashi, fikrlashi kengayganini sezaman,-deydi Alisher aka.