Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarova Jizzax viloyatidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Shuni taʼkidlash lozimki, joriy yilning oktyabr oyida tayinlangan PIIMA direktori agentlik tasarrufidagi maktablarga tashrif buyurib, ularning faoliyati, mavjud muammolari bilan tanishmoqda va taʼlim muassasalarni rivojlantirish boʻyicha rejalarni belgilab olmoqda.

Tashrif doirasida agentlik rahbari oʻquv muassasasining moddiy-texnik bazasi, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Shu bilan birga u Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi jamoasi bilan uchrashuv oʻtkazdi va taʼlim muassasasida taʼlim jarayonlarini takomillashtirish, yangi oʻquv metodikalari va darsliklarni yaratish, taʼlim sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Tashrif jarayonida Agentlik rahbari PIIMA tizimida tashkil etilgan ijodiy tanlov, mahalliy olimpiada va koʻrik-tanlovlar gʻoliblarini taqdirladi.