Katta umidlar ilk natijalarini bermoqda!

Yana bir ajoyib xushxabar bizni uzoq kuttirmadi, oʻquvchilarimizning yangi gʻalabasi yakun topayotgan yil sarhisobida biz uchun katta sovgʻa boʻldi.

Shu yilning 10-15-dekabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Baku shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan III Xalqaro integratsiyalashgan, yaʼni bir vaqtda matematika, fizika, kimyo fanlari boʻyicha oʻtkazilgan fan olimpiadasida yosh hamyurtlarimiz munosib ishtirok etib, yurtimiz dongʻini yana bir bora dunyoga tanitdilar. Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf oʻquvchisi Doniyor Voisov bronza medalining sovrindori boʻldi. Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Xalqaro matematika maktabining 3 nafar oʻquvchilari: 8-sinf oʻquvchisi Anvar Raxmatov II oʻrin, 10-sinf oʻquvchisi Sevara Ostonova III oʻrin, 8-sinf oʻquvchisi Toʻymurod Qodirov faxrli ishtiroki uchun diplom bilan taqdirlandilar.

Ozarbayjon Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi tomonidan tashkil etiladigan ushbu xalqaro olimpiada dastavval 2013-yildan mamlakat miqyosida oʻtkazilar edi, 2017-yildan buyon esa halqaro maqomga ega boʻldi. Olimpiadaning shiori “Isteʼdodlar oʻquv laboratoriyasi-2019” deb nomlandi. Bu yil xalqaro olimpiada Belarusiya, Gruziya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Estoniya va Oʻzbekistondan kelgan 14-16 yoshli bolalarni bilimlar bellashuvi maydoniga jamladi.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi oʻquvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga boʻlgan qiziqishlarini aniqlash va rivojlantirish, iqtidorli bolalarni rivojlantirish uchun zarur raqobat muhitini yaratish, iqtidorli bolalar bilan ishlash uchun tegishli soha olimlari va amaliyotchilarini jalb etish, shuningdek, MDHda iqtidorli talabalar oʻrtasida aloqalarni shakllantirish uchun sharoit yaratishdir.

Barcha ishtirokchilar qiziqarli madaniy dasturdan bahramand boʻldilar. Ular Ozarbayjon poytaxtining diqqatga sazovor joylari va Olimpiya oʻyinlarining mezbon mamlakatining madaniy anʼanalari bilan tanishish imkoniga ega boʻldilar.

Loyiha MDHga aʼzo davlatlarning gumanitar hamkorlik boʻyicha davlatlararo fondi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Eslatib oʻtamizki, joriy yilning 3-12-dekabr kunlari Qatar davlatining Doha shahrida oʻtkazilgan Xalqaro yoshlar ilm-fan olimpiadasi (IJSO-2019) boʻlib oʻtdi. Unda ilk bor Oʻzbekiston oʻquvchilari jamoasi ishtirok etib, doimiy aʼzolik huquqiga ega boʻldi. Mazkur olimpiadada Toshkent shahridagi Prezident maktabining 9-sinf oʻquvchisi Muhammadrizo Madjidov, 8-sinf oʻquvchilari Jafarbek Arifdjanov va Odilbek Bozorboyevlar qatnashgan edilar. Quvonarli tomoni shundaki, hamyurtimiz Muxammadrizo Madjidov bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Ushbu olimpiadaning oʻziga xosligi shundaki, birdaniga biologiya, kimyo va fizika fanlari boʻyicha 15 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarning bilimlari sinovdan oʻtkaziladi. Ular 3 turdan iborat test, laboratoriya ishi va nazariy bilimlar boʻyicha bosqichlarda bellashdilar. Bu yilgi musobaqada 70 ta davlatdan 409 nafar oʻquvchi, shu jumladan, taʼlim tizimlari tomonidan umum eʼtirof etilgan Janubiy Koreya, Xitoy, Gonkong, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya kabi davlatlardan eng iqtidorli oʻquvchilar qatnashgan edilar.