MATEMATIKA FANI BO‘YICHA ISHLAB CHIQILGAN INTEGRATSIYALASHGAN TA'LIM DASTURI MUHOKAMASI BO‘LIB O'TDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi PQ-4199-son qarorida o‘quvchilarni o‘qitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani xalq ta'limi tizimiga tatbiq etish Prezident maktablarining asosiy vazifasi etib belgilangan.

Bugungi kunda Agentlik tomonidan ijod va ixtisoslashtirilgan  maktablarning ixtisoslik fanlari bo‘yicha integratsiyalashgan ta'lim dasturlari ishlab chiqilmoqda. Mazkur ta'lim dasturlarini yaratishda ularni Davlat ta'lim standartlarini to‘liq qoplashi, shuningdek, xalqaro tan olingan ta'lim dasturlari mazmuni bilan tenglasha olishi maqsad qilib qo‘yilgan.
Ta'lim dasturlarini ishlab chiqishda eng yaxshi milliy hamda xorijiy tajribalar, jumladan, Kembrijning IGSCE, A-Level, shuningdek, “NIS – Programme” (Nazarbaev intellektual maktablari), Common Core (AQSh) kabi xalqaro tan olingan dasturlar, International Baccalaureate, SAT kabi imthonlar, AQSh, Rossiya, Avstraliya, Belarus' singari davlatlarning ta'lim dasturlari, PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari mazmuni o‘rganildi.  

Bugun matematika fani bo‘yicha Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan  ta'lim dasturining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.  Unda V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti ilmiy xodimlari, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalq ta'limi vazirligi mas'ul xodimlari,  Respublika ta'lim markazi metodistlari, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universitetining professor o‘qituvchilari hamda amaliyotchi o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yaratilgan matematika fanidan yaratilgan mazkur ta'lim dasturining o‘ziga xosligi:
-Standartlar majmuasining bir tizimga keltirilganligi;
-Har bir standartning sinflar kesimidagi elementlari aniqlashtirilganligi;
-Standartlarning mazmun va amaliy faoliyat turlariga bo‘linganligi;
-Ixtisoslashuv ham mavzularni kengaytirishga, ham chuqurlashtirishga qaratilganligi;
-Ilg‘or xalqaro, xorijiy tajribalardan unumli foydalanilganligi;
-O‘quv dasturi bo‘yicha standartlarning taqsimlab chiqilganligi;
-Matematika amaliy va nazariy komponentlarining o‘zaro uyg‘unligi;
-Matematikani turli fanlar bilan uyg‘unlikda o‘qish, STEAM – ijodkorlik texnologiyasiga alohida ahamiyat berilganligi;
-Muammoli vaziyatga qurilgan loyiha ishiga katta e'tibor berilganligi.

Yig'ilish so'ngida olimlar yangi dastur bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.