"Mehnatim, ilmim ona Vatanim taraqqiyotiga xizmat qilsa deyman"

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti iqtidorli yoshlar orzusidagi ilm dargohiga aylanishi aniq. Ma’lumki, mazkur oliygohga xorijiy professorlar bilan bir qatorda xorij tajribasiga ega mahalliy mutaxassislar ham jalb etilgan. Ular qatorida Janubiy Koreyaning Sejong universiteti ilmiy tadqiqotchisi, Texnika fanlari doktori professor Elyorjon Jumayev ham bor. Agentlik axborot xizmati Elyorjon Jumayev bilan suhbat uyushtirdi. 

-  Avvalo faoliyatingiz haqida biroz gapirsangiz…

-  Men soham bo‘yicha Texnika fanlari doktoriman. Faoliyatim davomida Janubiy Koreyaning Sejong Universiteti, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Pittsburg Universiteti, Oak Ridge Milliy Laboratoriyalarida faoliyat olib borganman. Shu qatorda, “Hyundai Motors” va “Samsung Electronics” kompaniyalari bilan birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirganmiz. 

Yaqinda meni Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” Universitetining Kimyo muhandisligi fakultetida dars berishga va fakultet labaratoriyasida ilmiy faoliyat olib borishga taklif qilishdi. 

-O‘zbekistonda kimyo muhandisligi sohasining istiqbollari qanday? “Yangi O‘zbekiston” universiteti bu borada qaysi mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda?

-Ma’lumki, bugun ko‘plab istiqbolli kashfiyotlar aynan kimyo muhandisligi sohasida amalga oshirilmoqda. Kimyo muhandisligi - bu kimyo zavodlarining ishlashi va konstruktsiyasini, shuningdek ishlab chiqarishni takomillashtirish usullarini organadigan muhandislikning ma’lum bir turi. Kimyo muhandislari xomashyoni foydali mahsulotga aylantirish uchun iqtisodiy tijorat jarayonlarini ishlab chiqadilar. Kimyo muhandisligi, shuningdek energiya va materiallardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish, loyihalash, tashish va o'zgartirish uchun kimyo, fizika, matematika, biologiya va iqtisodiyot tamoyillaridan foydalanadi. Mazkur soha muhandislarining ishi laboratoriyada nanotexnologiya va nanomateriallarni ishlatishdan tortib, kimyoviy, xom ashyo, tirik hujayralar, mikroorganizmlar va energiyani foydali shakl va mahsulotlarga aylantiradigan yirik sanoat jarayonlariga qadar bolishi mumkin.

“Yangi Ozbekiston” universiteti bu sohani talabalarga mukammal orgatishda AQSh ning Massachusetts muhandislik instituti va Germaniyaning Myunxen muhandislik universitetlari bilan ish olib boryapdi. Universitetdagi darslar mazkur xorijiy oliygohlar tajribasiga tayangan holda tashkil etiladi.  

-Kimyo muhandisligi, albatta ancha murakkab soha. Bu narsa shu sohaga o‘qishni istovchilarni biroz cho‘chitishi mumkin. Siz kimyo muhandisligi yo‘lidan borish istagida bo‘lganlarga nima degan bo‘lardingiz? 

-Aslida oson ishning o‘zi yo‘q,  har borada inson o‘ziga xos qiyinchiliklarga uchraydi. Kimyo muhandisligi sohasi ham juda qiziq, ham o‘ta mas’uliyat talab qiladigan sohadir. U keng tarmoqli bo‘lganligi uchun, ushbu sohani muvafaqqiyatli tamomlagan talabalar yirik kompaniyalarda ishlashga musharraf bo'lishlari tabiiy. Mamlakatimizda kimyo muhandisligi sohasida faoliyat yuritayotgan ko'plab ishlab chiqarish korxonalari va kompaniyalar faoliyat olib borishmoqda. Tabiiyki, nufuzli kompaniyalar o‘zlariga yetuk kardlar olishni maqsad qilishadi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti ham xalqaro andozalarga tayangan holda yetuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan.

-Siz o‘qitishda qanday metodikadan foydalanasiz? Uning O‘zbekistondagi an’anaviy ta’lim tizimidan farqi nimada?

-Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, hozirgi kunda “Yangi O‘zbekiston” universiteti AQSh ning Massachusetts muhandislik instituti va Germaniyaning Myunxen muhandislik Universitetlari bilan birgalikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish borasida  hamkorlik qilmoqda. Oliygohda Yevropa va Amerika o‘quv dasturlariga asoslangan holda darslar olib boriladi. O‘qitish metodikasi keladigan bo'lsak, men asosan zamonaviy va innovatsion metodikaga tayangan holda dars o‘tishni afzal ko‘raman. Ya’ni, nazariya bilan birgalikda amaliyotning ham joriy etilishi tarafdoriman. Bunda biz asosan fundamental bilimlarni shakllantirishda animatsiya va prezentatsiyalarga tayanib talabalarga fanni real hayotdagi misollar bilan olib boramiz. Boshqacha qilib aytganda, ta’lim oluvchilarning zamonaviy fanlarni 3D shaklda tushunishga zamin yaratmoqchimiz. Bundan tashqari, talabalarni muntazam ravishda fandagi kashfiyotlar va yangiliklardan xabardor qilib boramiz.

-“Yangi O‘zbekiston” universiteti sizni nimasi bilan o‘ziga tortdi? Nima sababdan faoliyatingizni chet elda emas, O‘zbekistonda davom ettirishga qaror qildingiz?

-“Yangi Ozbekiston” universiteti platformasi nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda shakllantirilmoqda. Bu esa, ilm yolidan ketgan barchada katta qiziqish uygotishi tabiiy. Qolaversa, universitetda xalqaro muhitni shakllantirilishiga bolgan sa’y-harakatlar bizdagi ta’lim tizimiga ozgacha “yangi qon” kirib kelayotganidan dalolatdir. Meni ushbu Universitet asosan laboratoriya va ilmiy izlanishga koproq urgu berishi bilan o‘ziga tortdi. Shuningdek, yangi tashkil etilayotgan tizim orqali men mamlakatimiz ravnaqi uchun zarur bolgan yetuk kadrlarni tarbiyalashda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Mehnatim, ilmim ona Vatanim taraqqiyotiga xizmat qilsa deyman.