Muhammad al-Xorazmiy maktabiga xalqaro tashrif

Bugun, 15-sentabr kuni Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) boshqaruvchi direktori Maxtar Diop boshchiligidagi delegatsiya Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy maktabida bo‘lib, maktab faoliyati bilan tanishishdi.

Mehmonlarga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki direksiyasi vakillari hamrohlik qilishdi.

Tashrif davomida mehmonlar maktab faoliyati, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va robototexnika xonalari bilan tanishishdi. Delegatsiya vakillari, shuningdek o'quvchilar bilan suhbatlashib, ularning maktab haqidagi fikrlariga quloq tutishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan XMK delegatsiyasi 14-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev qabulida bo‘lishdi. Ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilindi.