Oʻquvchi qizlarning xalqaro tanlovlarda faol ishtiroki muhokama etildi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarovaning agentlik tasarrufidagi Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan maktab oʻquvchi qizlari bilan xalqaro tanlov va musobaqalardagi ishtiroklariga bagʻishlangan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy va Mirzo Ulugʻbek maktablari oʻquvchilari ishtirok etishdi. Uchrashuv doirasida oʻquvchi qizlarning “Technovation” xalqaro tanlovi va boshqa xalqaro tanlov va koʻrikda ishtirok etishlarini faollashtirish masalalari muhokama etildi.

Mazkur uchrashuv doirasida turli tanlovlarda ishtirok etgan oʻquvchi qizlar tanlovlarda ishtirok etish hamda loyihalarni yaratish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Jumladan, Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilarining “Science of happiness” jamoasi va Muhammad al-Xorazmiy maktabining “Origami” jamoasi xalqaro tanlovlarda taqdim etgan loyihalari, jamoada va mentorlar bilan ishlash, gʻoyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha oʻz tajribalar toʻgʻrisida gapirib berdilar.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari AQSHda oʻtgan “Technovation”ning asosiy tadbirida ishtirok etgan “Generation Z” jamoasi mobil ilovasi haqidagi video lavha namoyish etildi.

Uchrashuv soʻnggida tanlov yuzasidan tayyorlangan viktorina savollariga toʻgʻri javob bergan oʻquvchi-qizlarga maxsus sovgʻalar topshirildi.

Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi qizlarni axborot-texnologiyalari sohasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi hamda Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchi-qizlarni xalqaro tanlovlar va koʻriklarda ishtiroklarini ragʻbatlantiradi.