O‘QUVCHILARI XALQARO OLIMPIADALAR G‘OLIBI BO‘LGAN UCH AKA-SINGIL O‘QITUVCHILAR

Yurtimiz azaldan is’tedodlar yurtidir. Bugun o‘nlab, yuzlab iqtidorli yoshlarimiz xalqaro maydonlardagi fan musobaqalarida qatnashib, O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilmoqdalar. Shubhasiz, ularning bu yutuqlari ortida fidokor o‘qituvchilarning ham mehnati yotibdi.  

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktabida bir oilaning 3 vakili – Boltayev Behzodbek, Boltayev Boburbek va Boltayeva Mohira kimyo fanidan dars berishadi va ularning o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda muvafaqqiyatli ishtirok etmoqdalar. Xususan, joriy yilning aprel oyida tashkil etilgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida maktab o‘quvchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan 2 ta kumush va bitta bronza medalida bu uch aka-ukaning o‘rni katta. Biz biz bugun ular bilan suhbat uyushtirdik.

-55-Xalqaro Mendeleyev Olimpiadasida ibn Sino maktabi oquvchilari tomonidan qolga kiritilgan yutuqlar bir vaqtning ozida sizning ham mehnatlaringiz natijasidir. Ularni tayyorlashda nimalarga e’tibor qaratdingiz? Olimpiadagacha bolgan va undan keyingi taasurotlaringiz bilan ortoqlashsangiz.

Behzod: - Men Bobur va yana bir do‘stimiz bilan birgalikda 7 yildan buyon shu sohadamiz – iste’dodli o‘quvchi yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlaymiz. Mohiraning bizga qo‘shilganiga 2 yil bo‘ldi. Mohirani biz o‘zimiz o‘qitganmiz, endi u ham biz bilan birgalikda ishlamoqda. Bizdagi baholash tizimi o‘quvchining reproduktiv qobiliyatini – ya’ni o‘qituvchining bergan savollariga javob bera olishi, aytilgan vazifalarni bajara olish reaksiyasini baholaydi. Ijodkorlik hamda iste’dod esa bundan kengroq tushuncha. Xalqaro darajadagi olimpiadalarga qatnashish uchun tavsiya qilingan a’lochi o‘quvchilar ba’zida oxirigacha bora olmaydi, ba’zan esa o‘rta bahoda o‘qiydigan bolalar juda yaxshi natijalar ko‘rsatadilar. Buning sababi nimada? Izlanishlar natijasida tushundim-ki, bundagi eng muhim omil bu o‘quvchining intilishi hamda uning ilmga bo‘lgan real qobiliyati ekan. Shuning uchun biz olimpiadalarga tayyorlash uchun o‘quvchilarni saralab olishda maxsus tizim ishlab chiqqanmiz. Masalan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino maktabidagi o‘quvchilarni xalqaro Mendeleyev olimpiadasi uchun saralab olganimizda suhbat uyushtirganmiz va berilgan savollar orqali tabiiy fanlarga iqtidori bor bolalarni ajratib olganmiz. Keyin esa 6 kunlik seminar-trening uyushtirdik. Mazkur jarayonlar so‘ngida ikkita guruh shakllantirildi – 10 kishilik asosiy guruh hamda 20 kishilik zahira guruh. Mendeleyev olimpiadasida shu guruhlarimizdan 3 kishi natija ko‘rsatdi va bu biz uchun ulkan faxr. Inson mehnatining natijasini ko‘rganda ko‘ksi faxrga to‘larkan. Yaqinda kimyo bo‘yicha jahon olimpiadasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasida 9 nafar o‘quvchi bor, shulardan 5 tasi bizning o‘quvchilar. Hozirda mazkur olimpiadaga tayyorgalik ko‘ryapmiz. Umid qilamanki, bu borada ham katta natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilamiz.

Uchchala aka-ukaning ham bir xil yoldan ketishiga sabab nima? Sizga kimyo fanini tanlashingizda kim yoki nima turtki bolgan?

 Behzod: -Dadamiz shifokor bo‘lishni istagan ekanlar, lekin tibbiyot yo‘lidan ketish nasib qilmagan. Shuning uchun men otamning orzularini amalga oshirishni istadim. Hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi umumiy jarrohlik yo‘nalishida 1-kurs magistratura talabasiman. O‘qish bilan bir qatorda o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlayapman.

 Bobur: - Men ham akamning yo‘lidan ketdim. Kimyo bir vaqtning o‘zida ijodkorlikni ham talab qiladigan fan. Meni shunisi bilan o‘ziga tortgan, deb o’ylayman.

Mohira: - Men, yuqorida aytib o‘tilganidek, aslida akalarimning shogirdiman. Ular meni o‘qitishdi, ham o‘rnak bo‘lishdi. Shunday qilib, o‘zim ham tibbiyot yo‘nalishida o‘qish bilan birgalikda o‘quvchilarni jahon olimpiadalariga tayyorlashga qiziqib qoldim.

- Yutuqlaringiz, olimpiada va musobaqalardagi ishtirokingiz haqida gapirsangiz.

Behzod: - 2013 va 2014-yillarda Mendeleyev Olimpiadasida ikki marta kumush va 2013-2014-yilda Kimyo bo‘yicha Jahon olimpiadasida ikki marta oltin medal sohibi bo‘ldim. 

Bobur: - Men 2014-yilda Mendeleyev olimpiadasida bronza, 2014 va 2015-yillarda Jahon olimpiadasida broza medalni qo‘lga kiritdim.

Mohira: - 2019-yilda Mendeleyev olimpiadasida bronza va shu yili Parijda o‘tkazilgan kimyo bo‘yicha Jahon olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘ldim. 

Behzod: - Biz hammamiz shu yo‘ldan o‘tganmiz va bu bizga o‘quvchilarni olimpiadalarga tayyorlashga katta yordam berdi. Kimyo bo‘yicha Jahon olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 2013-yildan buyon qatnashib kelayotgan va umumiy hisobda 24 ta medalni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, shundan deyarli 20 nafar ishtirokchi bizning o‘quvchilarimizdir. 

- Ajoyib natijalar, Tabriklaymiz. Olimpiadalarda golib bolgan o‘quvchilarni keyinchalik ozingizga shogird qilib olish haqida ham rejalar bormi? 

Behzod: - Albatta. Uchchalamizning ham tanlagan yo‘nalishimiz pedagogikadan farq qiladi. Men umumiy xirurgiya tarmog‘idan ketmoqchiman, Bobur kardiojarrohlik bo‘yicha o‘qiyapdi. Mohira ham tibbiyot sohasida o‘z faoliyatini davom ettirmoqchi. Biz vaqti kelib o‘z o‘rnimizda bugungi Olimpiadalarda g‘olib bo‘layotgan o‘quvchilarni ko‘rishni istaymiz. Hozirda xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishga qobiliyatli bo‘lgan o‘quvchilarning muntazam guruhini shakllantirish hamda ularning xalqaro olimpiadalarda doimiy ishtirok etishlarini ta’minlaydigan tizim ustida ish olib boriyapmiz. Bu qanday tizim? Bilasizmi, yulduzlik kasali faqatgina san’atkorlarda uchramaydi. Bu fan bo‘yicha muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritganlar uchun ham tegishli. Bola olimpiadada g‘olib bo‘ldimi, u o‘zini boshqalardan yaxshiroq, deb his qila boshlaydi va shu nuqtada izlanishdan to‘xtashi mumkin. Biz shunga yo‘l qo‘ymaslik uchun pastki sinflardan doimiy zahira guruhlarini tayyorlab boramiz. Ular ham olimpiadalarda qatnashib boradilar hamda shu bilan sog‘lom raqobat yuzaga keladi. Muayyan olimpiadada g‘olib bo‘lgan o‘quvchi ham izlanishdan to’xtagudek bo‘lsa, uning o‘rnini boshqasi egallashi mumkin ekanini bilib turadi.

- Kelajakdagi rejalaringiz qanday? 

Behzod: - Hozirda umumiy jarrohlik yo‘nalishida ta’lim oliyapman. Kelajakda O‘zbekistonda transplantologiya yo‘nalishini rivojlantirish niyatim bor. Agar bu niyatim amalga oshsa, aminman-ki, ko‘plab bemorlar uchun katta qulaylik yaratgan, jigar, yurak ko‘chirish operatsiyalari uchun chetga borishga sarflanadigan xarajatlarning taxminan yarmini tejab qolgan bo‘lardik. Shuningdek, transplantologiya amaliyotining o‘z yurtimizda qilinishi bemor sog‘lig‘i uchun ham ahamiyatli – chunki, ko‘chirib o‘tkazishdan keyin bemorlar eng kamida 6 oy davomida uzluksiz shifokor nazoratida bo‘lishi kerak. Xorijda transplantologga murojaat qilganlarda esa bunday imkoniyat bo‘lmaydi.

Bobur: - Men bu yil Toshkent pediatriya institutini tamomladim. Hozirda Rossiya davlati bilan ta’lim sohasidagi hamkorlik dasturiga ko‘ra, Rossiyadagi 6 ta institutga magistraturaga o‘qishga qabul qilinganman. Soham kardiojarrohlik. Shu soha bo‘yicha yo‘limni davom ettirmoqchiman.

Mohira: - Men hozirda Toshkent pediatriya Institutining 2-kurs talabasiman. O’zim diagnostika sohasiga qiziqaman. Kelajakda saraton kasalini erta aniqlaydigan usullar ustida ishlash niyatim bor. Bu orqali yuzlab, balki minglab insonlarning hayotini saqlab qolish imkoniyati paydo bo‘ladi.

- Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Ishlaringizga omad tilaymiz. 
 

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi