PIIMA direktori o‘rinbosari Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Britaniya kengashining yigʻilishida ishtirok etdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori o‘rinbosari Amirullo Abdullayev Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Britaniya kengashining 25-yigʻilishida ishtirok etdi.

Tadbir Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi xalqaro savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda ikki mamlakat diplomatik missiyalari tomonidan tashkil etildi.

Ikki kunlik videokonferensiyada 40 dan ortiq maʼruzachilar, jumladan, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliya institutlari hamda taraqqiyot boʻyicha hamkorlar rahbariyati vakillari ishtirok etadi.

Amirullo Abdullayev kengashning “Taʼlim”ga oid qismida soʻzga chiqdi. U oʻz chiqishida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

Bugungi kunda Agentlikda 16 ta maktab faoliyat yuritmoqda – 4 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 3 ixtisoslashtirilgan maktablar. Mazkur oʻquv muassasalarida 3,3 mingdan ziyod oʻquvchilari taʼlim olmoqda.

Taʼkidlash lozimki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Cambridge Assessment International Education Prezident maktablariga qabul imtihonlarini obyektiv oʻtkazishda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari mazkur tashkilot oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlashda koʻmak bermoqda.

Prezident maktablarida oʻquv jarayoni “STEAM – taʼlim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) boʻyicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. STEAM fani boʻyicha oʻquv dasturlari Cambridgening oʻquv dasturlari asoslangan.

2020-yilning dekabr oyida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan toʻrtta Prezident maktablari oʻquvchilari mahalliy umumiy oʻrta taʼlim attestati bilan birgalikda Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda universitetga kirish imkoniyatini yaratuvchi A-level (ilgʻor oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi) sertifikatini ham oladilar.

Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi Prezident maktablari bir vaqtda Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtdilar va Cambridge International School (Cambridge xalqaro maktabi) maqomiga ega boʻldilar.

Cambridge International School maqomini olish Nukus, Xiva, Namangan va Toshkentdagi Prezident maktablarining oʻquv rejalari va imtihon jarayonlari Cambridge oʻquv dasturining talablari va standartlariga muvofiqligini tasdiqlaydi.

A-Level – bu Buyuk Britaniya taʼlim tizimiga oid taʼlim dasturi boʻlib, dasturni tamomlaganlar toʻliq oʻrta maʼlumot sertifikatiga ega boʻladilar. Oʻquvchilar oʻqish natijalariga koʻra imtihon topshirishadi va A-Level sertifikat olishadi.