PIIMA direktori Sirdaryo viloyatidagi Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabiga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarova Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi.

Mazkur tashrif PIIMA rahbarining agentlik tasarrufidagi taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishish va ularni rivojlantirishga qaratilgan rejalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi. Bundan avval agentlik rahbari Toshkent va Fargʻona vodiysidagi maktablar faoliyati bilan tanishgan edi.

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori Muhammad Ismoil taʼlim muassasasi faoliyati haqida gapirib berdi. Ijod maktabi oʻquvchilari ona tilini chuqur oʻrganish bilan birga turk, ingliz, ispan va rus tillarini ham oʻrganyaptilar. Maktabda fan toʻgaraklari, sport va amaliy sanʼat toʻgaraklari muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻquvchilar ijod sirlarini oʻrganish bilan birga qoʻl mehnati bilan tayyorlangan sanʼat namunalarini ham yaratmoqdalar.

PIIMA direktori Hilola Umarova tashrif doirasida taʼlim muassasasining faoliyati, oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va mavjud muammolar bilan tanishdi. Agentlik rahbari ijod maktabi oʻquvchilari tahsil olayotgan oʻquv xonalari, kutubxona, kimyo, fizika, biologiya, laboratoriya xonalari va turar joylari bilan yaqindan tanishdi.

Shu bilan birga, agentlik rahbari maktab jamoasi va oʻquvchilari bilan samimiy suhbat oʻtkazdi. Maktab jamoasi bilan muloqot davomida taʼlim muassasaning faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalar muhokama etildi. Jumladan, muloqot davomida ona tili, adabiyot va boshqa fanlar uchun yangi oʻquv metodologiyalari va darsliklarni yaratish masalalar koʻrib chiqildi.

Tashrif jarayonida Agentlik tizimida tashkil etilgan ijodiy tanlov, mahalliy olimpiyada va koʻrik-tanlovlar gʻoliblari taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-yilda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi tashkil etilgan. 

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, u yerda oʻquv xonalari, shoira hayoti va ijodi muzeyi, kutubxona, muzokaralar hamda faollar zali, nashriyot va toʻgarak xonalari, 100 oʻrinli oshxona va yotoqxona, yozgi va qishki sport maydoni, qishki bogʻlar mavjud.