PIIMA va JICA oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ikki tashkilot oʻrtasida oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Babaxodjayev JICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Takasaka Muneo boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv Toshkent shahridagi Prezident maktabi binosida oʻtkazildi. Uchrashuv davomida mehmonlar agentlik va uning tarkibiga kiruvchi maktablar faoliyati bilan tanishdi.

Agentlik rahbari uchrashuv doirasida ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirish boʻyicha oʻz fikrlari bilan boʻlishdi.

Oʻzbekiston tomonining fikriga koʻra, ikki agentlik taʼlim dasturlari va taʼlim sifatini takomillashtirish, oʻqituvchilar malakasini oshirish, yaponiyalik oʻqituvchilarni PIIMA tarkibiga kiruvchi maktablarga, jumladan yapon tilini oʻqitish uchun jalb qilish kabi masalalarda hamkorlik qilishlari mumkin.

Tomonlar PIIMA maktablari bitiruvchilarining Yaponiyaning yetakchi universitetlarida taʼlim olishlarini, jumladan yapon tomoni grantlari hisobiga, tashkil qilish masalalarini muhokama qildilar.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan JICAga Oʻzbekistonda STEAM taʼlimini rivojlantirish uchun oʻzaro hamkorlik taklifini ham berildi.

Ikki tomonlama tashabbuslarni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston va Yaponiya maktablari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish taklifi ilgari surildi. 

Oʻz oʻrnida, JICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Takasaka Muneo tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida soʻzlab berdi.

Yaponiya tomoniga maktablar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish taklifi maʼqul keldi. Yapon tarafining qayd etishicha, Oʻzbekiston maktablari bilan hamkorlik qilish istagida boʻlgan yaponiyalik maktablar topiladi.

Takasaka Muneoning taʼkidlashicha, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli hamma loyihalar muzlatildi va ikki tomonlama loyihalar boʻyicha muhokamalarni COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq barcha cheklovlar yechilganidan soʻng davom ettirish mumkin boʻladi.