Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarovaning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida taʼlim sifatini oshirish va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish masalalari muhokama etildi.

Shuni taʼkidlash lozimki, joriy yilning oktyabr oyida tayinlangan PIIMA direktori Hilola Umarova agentlik tasarrufidagi maktablarga tashrif buyurib, ularning faoliyati, mavjud muammolari bilan tanishmoqda va taʼlim muassasalarni rivojlantirish boʻyicha rejalarni belgilab olmoqda.

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga tashrifi doirasida Hilola Umarova maktabning moddiy-texnik bazasi, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey faoliyati bilan tanishdi.

Agentlik rahbari Hilola Umarova taʼlim muassasasining oʻqituvchi va oʻquvchilari bilan taʼlim muassasasida mavjud muammolar, taʼlim jarayonini takomillashtirish, yangi darsliklar va metodologiyalar yaratish masalalarini muhokama etdi. Shu bilan birga oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish va oliy taʼlim muassasalari kirish imtihonlariga tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.