PREZIDENT MAKTABIDA KIMLAR DARS BERA OLADI?

Bir-biridan mahobatli, zamonaviy jihozlangan, maxsus laborotoriya, kutubxona va boshqa qulayliklarga ega Prezident maktablarini ko‘rgan insonning bolalikka qaytib, shu yerda ilm olgisi keladi. O‘qituvchlar esa bu dargohdagi ilmga chanqoq bolalarga dars bersam, deydi. Biroq ko‘pchilik buning uchun nima qilishni, qayerga va kimga murojaat etishni bilmaydi. Darhaqiqat, Prezident maktabida ta’lim berishga talabgorlar bo‘sh ish o‘rni haqida qayerdan ma’lumot olishi mumkin?

Prezident ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarini rivojlantirish agentligining matbuot kotibi Dilfuza SOBIROVAning aytishicha, yaqinda agentlik tomonidan job.pima.uz sayti ishga tushirilgan. Mazkur sayt orqali pedagoglar bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olishi va onlayn anketa to‘ldirishi mumkin.

– Nomzodlar ro‘yxatdan o‘tishda nimalarga ahamiyat berishi kerak?

– Sayt orqali nafaqat Prezident maktabiga, balki ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga ham malakali kadrlar saralab olinadi, – deydi agentlikning seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i Nargiza QO‘CHQOROVA. – Jarayon to‘liq onlayn bo‘ladi va talabgor dastlab o‘zi istagan hududni va maktabni tanlaydi. Maktab, undagi sharoit, o‘quvchilar soni, imtiyozlar, qancha o‘qituvchi kerakligi va shu kabi o‘zini qiziqtirgan ma’lumotlar bilan tanishib chiqadi. Agar bu uni qoniqtirsa, ingliz, rus yoki o‘zbek tilida onlayn anketa to‘ldiradi. Anketa so‘ngida o‘zi haqidagi ma’lumotnomani va til bilish darajasini (agar bor bo‘lsa) belgilovchi sertifikatni ham elektron shaklda taqdim etishi kerak. Nomzodlar sayt orqali poytaxtimiz va viloyatlar kesimida birdek qabul qiladi. 

– Talabgorlar qanday saralab olinadi? Saralash jarayoni qanchalik shaffof?

– Talabgorlar ko‘p bo‘lishi mumkin, biroq ular qat’iy belgilangan mezon asosida tanlab olinadi. Saralash bosqichma-bosqich o‘tkaziladi va barcha ma’lumotlar saytga joylanadi. Nomzodlar qaysi bosqichda, qanday natija ko‘rsatganliklarini kuzatib borish imkoniyatiga ega. 1-bosqich o‘qituvchining anketa to‘ldirishi va kerakli hujjatlarni saytga joylashtirishidan boshlanadi. Ma’lumotlar onlayn ko‘rib chiqiladi va saralanadi. 2-bosqichga o‘tgan pedagoglar ro‘yxati ko‘rsatiladi. Bu bosqichda ustozlarning bilimi test orqali baholanadi. Test Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. 3-bosqichda bevosita (Toshkent shahrida yashovchi nomzodlar bilan) yoki onlayn tartibda (viloyatlarda yashovchi talabgorlar bilan) Zoom orqali suhbat qilinadi. Ba’zan test bilimni 100 foiz to‘g‘ri baholay olmasligi mumkin, shu sababli o‘qituvchining qanchalik layoqatliligi, o‘quvchilarga bilim va motivatsiya bera olishi suhbat orqali aniqlanadi. 

– Ingliz tilini bilish qanchalik muhim? Til bilmasa Prezident maktabiga qabul qilinmaydimi?

– Bu talab mahalliy yoki steam fanlardan dars berishiga qarab qo‘yiladi, – deydi agentlikning Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Gavhar ISHIMOVA. – Masalan, mahalliy fanlardan nomzodlar ingliz tilini bilishi shart emas, lekin bilsa bu ularning imkoniyatini oshiradi. Steam fanlardan dars berishga talabgorning eng kamida B2 (upper intermediate) darajasidagi sertifikati bo‘lishi kerak. Sababi mazkur fanning dars mashg‘ulotlari xorijlik pedagog bilan birgalikda olib boriladi. O‘quv dasturi, darsligi va ta’lim jarayoni ingliz tilida bo‘lgani bois, o‘quvchi tushunmagan mavzuni o‘qituvchi izohlab bera olish darajasida bo‘lishi shart. Tabiiyki, nomzod kamida TOEFL (72-94 ball), IELTS (5.5-6.5 ball)ga ega bo‘lishi va erkin muloqot qila olishi lozim. 

Shunday ustozlar borki o‘z fanidan yetarli bilimga ega, biroq ingliz tilini bilmaydi. Bunday kadr ishga qabul qilinadimi? 

– Agar nomzod ingliz tilini bilmasa va sertifikati yo‘q bo‘lsa, biroq o‘z fanidan kuchli mutaxassis va kerakli kadr sifatida baholansa, u holda jarayonga jalb qilinadi lekin o‘quv yili boshiga qadar ingliz tilini o‘rganishi tavsiya qilinadi. 

– Pedagoglarning toifasi qanchalik muhim?

– Pedagog eng kamida ikkinchi darajali, shuningdek o‘z yo‘nalishida bakalavr diplomiga ega bo‘lishi lozim. Biroq nomzod qo‘yilgan talablarga 100 foiz mos kelsa, istisno qilinadi. 

– Xorijiy kadrlar qanday jalb qilinadi?

– Xorijiy nomzod, avvalo, Cambridge o‘qitish tajribasi va setifikati sohibi, o‘z fanidan kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Chunki Prezident maktablari darsliklari Cambridge o‘qitish tizimi asosida olib boriladi. Xorijiy pedagoglarni tanlashda xalqaro o‘qituvchilarni yollash kompaniyalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Berilgan nomzodlarning oldingi ishlagan joyi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki elektron pochta orqali aloqaga chiqiladi va ular haqida tavsifnoma olinadi. Shundan so‘ng onlayn suhbat qilinadi. Hozirda viloyatlarda ochiladigan 10 ta Prezident maktablari uchun 353 nafar xorijiy nomzoddan 154 nafari bilan onlayn intervyu qilindi va ulardan 51 nafari tanlab olindi.

Noilaxon AHATOVA suhbatlashdi.