Prezident maktablarining bir guruh o‘quvchilari xorij OTMlariga oʻqishga qabul qilindi

Prezident maktablarining oʻquvchilari xorij oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilindilar. Ulardan bir guruhi esa universitetlarga grant asosida tahsil olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Jumladan, Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Abdulaziz Mirsagatov AQSHning Illinoys Texnologiya institutining kompyuter muhandisligi yoʻnalishida taʼlim olish uchun 100 ming AQSH dollari miqdoridagi grantni yutib oldi.

Shu maktabning yana bir oʻquvchisi Shaxzodbek Baxtiyorov ham mazkur oʻquv yurtida tahsil olish huquqini qoʻlga kiritdi. Universitet unga taʼlim olish uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida grant taqdim etdi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabining oʻquvchisi Bahrombek Narimanov Merilend shtatidagi Washington College oliygohida tahsil olish uchun 120 ming AQSH dollari miqdoridagi grantni yutib oldi.

Samandar Abuhakimov Delaveyr Universitetining 62 ming AQSH dollari miqdoridagi grantini qoʻlga kiritdi. Uning sinfdoshi Rahmatjon Gaipov Illinoys Texnologiya institutiga (100 ming AQSH dollari miqdoridagi grant bilan) va Merivill Universitetiga (56 ming AQSH dollari miqdoridagi grant bilan) taʼlim olishga qabul qilindi.

Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Biybimaryam Joldasbayeva Buyuk Britaniyada joylashgan Sterling Universitetida tahsil olish uchun grant qoʻlga kiritdi. Arizona Universiteti shu maktabning yana bir oʻquvchisi Miras Doschanovga 5 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.

Shu bilan birga Toshkent shahridagi Prezident maktabining oʻquvchisi Zulfiya Usmonova Japan Digital Universitetining dasturiy taʼminot yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilindi. Nukus shahridagi Prezident maktabining oʻquvchisi Nurxat Jumabayev Arizona Universitetida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Namangan shahridagi Prezident maktabining oʻquvchilari Buyuk Britaniyaning bir necha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindilar. Suxrob Jalolov va Dovudxon Abduboqiyev Aberdin Universitetiga, Otabek Toʻychiboyev Bristol va Sautgempton universitetlariga qabul qilindilar.

Sautgempton universitetiga, shuningdek, Azimjon Alijonov va Muhammadali Alimatovlar ham qabul qilindi. Muattar Xoldaraliyeva Nottingem Universitetida, Behzodjon Xakimov Grinvich va Bukingem Universitetlarida hamda Rahmatulloh Abdubayev Bristol Universitetida taʼlim olish imoniyatiga ega boʻldilar.

Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Charosxon Oʻktaboyeva AQSHning Buffalo Universitetiga oʻqishga qabul qilindi.