“Qadring baland bo'lsin, ona tilim" shiori ostida ma‘rifiy-adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 16-oktabr sanasida Prezident ta‘lim muassalari agentligi tizimidagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabida o‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi.  “Qadring baland bo'lsin, ona tilim"  shiori ostida  ma‘rifiy-adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Respublikadagi taniqli adabiy jamoatchilik vakillari, Prezident ta’lim muassasalari agentligi vakillari, Prezident va Ijod maktablari xodimlari,  taniqli ijodkorlar tashrif buyurdilar. Barcha mehmonlar, dastlab, “Mening ilk ilmiy maqolam”, “Mening birinchi kitobim” loyihalari qatnashchilarining ilmiy va ijodiy ishlari, amaliy san‘at namunalari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirni “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktorining Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o‘rinbosari E‘zoza Karimovalar ochib berdilar.  Tadbirning badiiy qismi esa 8-sinf o‘quvchilari tomonidan sahnalashtirilgan “Abdulla Qodiriy hayotidan lavha” sahnasi bilan boshlandi. Bundan so‘ng navbat “Oltin Meros” folklor jamoasi ijrosidagi “Chanqovuz”, “To‘tijon”, “Sirdaryo” qo‘shiqlariga berildi.

Milliy maqom va laparlardan so‘ng davrada yosh xonanda Nodirbek Asadullayev tomonidan zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ohanglar sadosi va jonli ijro mahorati barcha tomoshabinlarni ruhlantirib yuborganligi sababli Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori Muhammad Ismoil tomonidan “Oltin Meros” etnografik-folklor ansambli hamda xonanda Nodirbek Asadullayevga maktab o‘quvchilarining o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan amaliy san’at namunalari sovg‘a sifatida taqdim etildi. Shundan so‘ng, 7-sinf o‘quvchilari tomonidan Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Toshkentga sayohat” asaridan parcha ijro qilindi. Yigitlarning yumorga boy sahna ko‘rinishi barcha tomoshabinlarga o‘zgacha zavq va shukuh bag‘ishladi. Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan “Doirangni chal”, “Xorazmcha raqs”, “Bu turfa gullar” kabi raqslar ijro etildi.

 

Yuraklarga xush yoquvchi jo‘shqin kuy va raqslar tadbir ishtirokchilarining barchasiga birdek manzur kelib, beixtiyor, ularni raqsga tushishga chorladi.

Go‘zal va dilbar raqslardan so‘ng so‘z navbati Guliston davlat universiteti Filologiya fakulteti O’zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchi, tilshunos olim Ixtiyor Ermatovga berildi. Olim O‘zbek tilining jamiyat va xalq hayotidagi o‘rni va ahamiyati, bugungi kunda tilimizning yuksalishi uchun olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabida tilga berilayotga e‘tibor xususida gapirib o‘tdi.

Tadbir davomida xalqimizning sevimli xonandasi Nargiza Azimova o‘zining dillarga yaqin go‘zal xonishlarini tadbir mehmonlari va barcha ishtirokchilarga taqdim etdi. Tadbir so‘ngida maktab direktori Muhammad Ismoil tomonidan tashrif buyurgan  barcha mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sevara Babayeva,

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi tarbiyachisi