Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻqituvchisi Ustoz-2020 milliy mukofoti sovrindoriga aylandi

Toshkent shahridagi Prezident maktabining ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Zulfiyaxon Rashidova Ustoz-2020 milliy mukofoti tanlovining “Plyus 1” yoʻnalishida gʻolib boʻldi.

Ustoz-2020 milliy mukofoti “Oʻqituvchilar uyushmasi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Varkey Foundation xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor tashkil etildi. Varkey Foundation Global Teacher Prize mukofoti va 36 ta mamlakatda oʻqituvchilarning milliy musobaqalarini oʻtkazadi.

Tanlov oktyabr-dekabr oylarida tashkil etildi. Unda olti yoʻnalishda jami 12 mingga yaqin oʻqituvchilar ishtirok etdi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabining ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Zulfiyaxon Rashidova “Plyus 1” yoʻnalishida ishtirok etgan 236 nafar oʻqituvchilardan biri boʻldi. “Plyus 1” yoʻnalishida Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kirmaydigan barcha maktablarning oʻqituvchilari ishtirok etishlari mumkin.

Uchta bosqichni muvaffaqiyatli bosib oʻtgan Zulfiyaxon Rashidova hakamlar hayʼati qaroriga qoʻra musobaqa gʻolibiga aylandi.

Zulfiyaxon Rashidova tashkilotchilar tomonidan 30 million soʻm pul mukofoti va har yili Dubay shahrida boʻlib oʻtadigan Global Teacher Prize 2021 taqdirlash marosimida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi jamoasi va oʻzimning nomimdan fidoyi oʻqituvchimiz Zulfiyaxon Rashidova va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblarni gʻalaba bilan qutlayman. Zulfiyaxon Rashidova Agentlik tizimidagi maktab oʻqituvchilariga oʻrnak boʻladi degan umiddaman. Tizimimizda faoliyat yuritayotgan pedagoglar ham oʻz faoliyatlarida yangiliklar joriy qilgan holda farzandlarimiz har tomonlama yetuk mutaxassis boʻlishlariga oʻz hissalarini qoʻshadilar deb oʻylayman. Zulfiyaxon Rashidovaga sihat-salomatlik, faoliyatlariga omad tilayman. Kelajakda bundan ham yuqori natijaga erishishlarini tilab qolaman, - dedi Agentlik rahbari Hilola Umarova.