Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilarining innovatsion gʻoyalari taqdimoti boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida taʼlim muassasasi oʻquvchilarining innovatsion gʻoyalari va ishlanmalarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarova ishtirok etdi.

Tadbir davomida Toshkent shahridagi Prezident maktabida tahsil olayotgan bir guruh 7, 8, 10 va 11-sinf oʻquvchilari ishtirokchilarga oʻzlarining loyihalarini taqdim etishdi. Misol uchun, 11-sinf oʻquvchilari Shaxzod Baxtiyarov “The key to serenity” ingliz tilida yozilgan falsafiy kitob, Temur Sulaymonov esa “Toshkent shahridagi Prezident maktabida faoliyat yuritayotgan va yuritilishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar” taqdim qildilar.

8-sinf oʻquvchisi Umarbek Anvarov tadbirda “Tiniq hayot” tibbiyot yoʻnalishi (davlat poliklinikalarida bemorlar haqidagi maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish) boʻyicha taqdimoti bilan ishtirok etdi.

Oʻquvchilar «Aatama» (Firdavs Nozimjonov), “Robot-ofitsiant” (Bexruz Erkinov va Nurislombek Maxkamjonxojizoda), “Jurnalistika klubi” (Bahrom Narimonov), “i Learn” onlayn taʼlim (Abdumannon Murodiy va Temur Polyakov) loyihalarini ham taqdim etdilar.

Bundan tashqari tadbir doirasida 10-sinf oʻquvchisi Shaxrizoda Abduraxmonova yaratgan liboslarining namoyishi hamda 10- va 5-sinf oʻquvchilari Sevara Beshimova va Munisa Yusupovalarning chizgan rasmlarining koʻrgazmasi ham oʻtkazildi.

Taqdimotlardan soʻng PIIMA rahbari Hilola Umarova oʻquvchi yoshlar bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida agentlik direktori yoshlarni bilim olishga, yangi loyihalar ustida ish olib borishga chaqirdi.

- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri iqtidorli oʻquvchilarni saralab olib, ularga bilim berish bilan birga ularning iqtidorlarini namoyish etishlari uchun imkoniyat yaratishdir. Bugungi tadbirimiz oʻquvchilarimizning oʻz loyihalarini taqdim qilish imkoniyatini berdi. Bundan tashqari oʻquvchilarimiz oʻzaro tajriba va fikrlar almashish imkoniyatiga ega boʻldilar. Umid qilaman, oʻquvchilarimiz oʻz ustilarida ishlashni va izlanishni toʻxtatmaydilar va bizga yangidan yangi loyihalarini taqdim etishni hamda ularni hayotga tatbiq etishni davom ettiradilar, - dedi Hilola Umarova.