Xorazm vohasidan buyuk ajdodlarimiz vorislari yetishib chiqadi

Yangi Oʻzbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, oʻz Vatanini jonidan ortiq sevadigan, uning yorugʻ kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz.

Shavkat Mirziyoyev

Davlatimiz rahbari ushbu soʻzlarni joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida ochilgan Prezident maktabi bilan tanishish chogʻida faxriy mehmonlar kitobiga dastxatida yozib qoldirgan edi.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga, butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylandi. Mamlakatimizda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgani Vatan, millat nomini ulugʻlashga bel bogʻlagan yoshlarning orzulariga qanot boʻldi.

Prezidentimiz mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarish uchun, avvalo, yangi avlod kadrlarini tayyorlash zarurligini taʼkidlaydi. Shu maqsadda yurtimizning har bir hududida mutlaqo zamonaviy shakldagi taʼlim muassasalari – Prezident maktablarini tashkil etishga kirishildi.

2019-yil 20-fevral kuni davlatimiz rahbarining “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, qisqa muddatda Toshkent shahrida dastlabki Prezident maktabi foydalanishga topshirildi, Nukus va Namangan shaharlarida shunday maktablar qurilishi jadal davom etmoqda.

2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablari tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur oʻquv maskanlari yangi avlod kadrlarini yetishtirishda muhim poydevor boʻlishi shubhasiz. Chunki, Prezident maktablari iqtidorli bolalarni aniqlash, ularga ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda saboq berish va tarbiyalash boʻyicha yaxlit tizimga aylanadi. Bu yosh avlodning isteʼdodi va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni maʼnan yetuk va intellektual jihatdan barkamol etib shakllantirishga xizmat qiladi.

Prezident maktablari ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi shaklida tashkil etilib, oʻquvchilar 4-sinf bitiruvchilari orasidan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga koʻra qabul qilinadi. Maktabning yillik qabul kvotasi 24 oʻquvchidan iborat boʻlib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan oʻquvchi taqsimlanadi. Taʼlim jarayoni xorijdagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi. Tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar bilan birga oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy oʻzlikni anglatish uchun oʻzbek tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarga ham alohida ahamiyat qaratiladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Prezident maktabi bilan tanishish chogʻida ushbu maktabga qabul qilingan oʻquvchilarni Oʻzbekistonning “oltin fondi”ga qiyoslagan edi. Shu bilan birga Prezident maktablari jonajon Oʻzbekistonimizning ertangi taqdirini oʻz qoʻliga olishga, globallashuv davrida keskin bellashuv va raqobatlarda gʻolib boʻlishga qodir shaxslarni – yangi Xorazmiylar, Fargʻoniylar, Beruniylar, Ulugʻbeklarni tarbiyalab yetishtirishini taʼkidlagan edi.

Ana shu xayrli tashabbusning yana bir ijobati sifatida kuni kecha Xorazm viloyatida ham Prezident maktabi ochildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda deputatlar, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Xorazm vohasi dunyo ilm-fanining eng qadimiy beshiklaridan biri boʻlib, bu zamindan yetishib chiqqan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamahshariy kabi ulugʻ mutafakkirlar oʻzlarining beqiyos kashfiyotlarini bilan insoniyat tamadduniga salmoqli hissa qoʻshganini, bu ilmiy xazinadan bugungi kunda ham sayyoramiz xalqlari foydalanib kelayotganini taʼkidladi.

Bugun katta ishonch bilan aytish mumkinki, ona diyorimizda buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar tarbiyalashga mustahkam poydevor qoʻyildi. Prezident maktablari mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga zarur sharoit yaratadi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-sentyabrdagi farmoni bilan Oʻzbkekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi. Ushbu farmon bilan Prezident maktablari, xalqimizning ardoqli adiblari nomidagi ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar mazkur agentlik boʻysunuviga oʻtkazildi.

Xorazm viloyatida qisqa fursatda qurilib, foydalanishga topshirilgan Prezident maktabi yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos boʻladi. Mazkur oʻquv maskani tuzilishi jihatidan anʼanaviy maktablardan farqli ravishda ixcham va bilim olish uchun qulay. Maktab 168 oʻrinli boʻlib, 2 qavatli oʻquv binosi, oshxona, 3 qavatli yotoqxona, xorijlik oʻqituvchilar uchun 15 oʻrinli mehmonxona mavjud. Har bir sinf xonada interaktiv doska va tablolar, Science xonalarida alohida laboratoriya xonalari mavjud.

Sport zali, suzish havzasi qurilishiga ham innovatsion yondashilgan. Ayniqsa, oʻzida zamonaviy qulayliklarni mujassam etgan yotoqxona oʻquvchilarga oila muhitidagidek yashash va dars qilish imkonini beradi. Musiqa xonasida oʻgʻil-qizlar milliy va xorijiy cholgʻu asboblaridan foydalangan holda darslarni mazmunli oʻtkazishadi.

Joriy yilda mazkur maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 6 ming 400 nafardan ziyod oʻquvchidan 144 nafari qabul qilindi. Kelasi oʻquv yilidan boshlab, har yili 5-sinfga 24 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.

– Mazkur maktabga oʻquvchilar juda koʻp talabgorlar orasidan ikki bosqichda oʻtkazilgan imtihonlar natijalariga koʻra saralab olindi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxoʻjayev. – Kirish imtihonlari adolatli va shaffof boʻlishi uchun qattiq nazorat ostida, juda talabchanlik bilan oʻtkazildi. Imtihonlarni Kembrij universitetining malakali oʻqituvchi-ekspertlari oldi. Bu yerda oʻquvchilarga shunchaki bilim berilmaydi. Bu maktabda tahsil olgan yoshlar kelgusida haqiqiy vatanparvar, el-yurtimizga chin dildan xizmat qiluvchi yetuk kadrlar etib tarbiyalanadi.

Maktab kutubxonasi Kembrij, Oksford universitetlari nashriyotlari hamda Kollinz nashriyotining “STEAM” dasturi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari, oʻzbek va jahon badiiy adabiyoti namunalari bilan taʼminlangan. Darsliklarning elektron shakllari ham mavjud, bu oʻquvchilarga ulardan yanada samarali foydalanish imkonini yaratadi.

– Xorazmda Prezident maktabi ochilgani ilmga chanqoq viloyat yoshlari uchun juda katta sovgʻa boʻldi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Saʼdullayev. – Men maktabga qabul qilingan oʻgʻil-qizlarning koʻziga qarab turib shuni angladimki, xalqimiz, yurtimiz, davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash uchun bilim olib oʻzini koʻrsatadigan katta kuch maydonga keldi. Bu yoshlarning har biri bilan oila aʼzolari, mahalladoshlari, qolaversa, butun Xorazm eli faxrlansa arziydi. Chunki, bu maktabga eng bilimli oʻquvchilar saralab olingan.

– Shovot tumanining eng chekka hududlaridan “Oq koʻl” mahallasida yashaymiz. Bugun men va oila aʼzolarim uchun juda quvonchli kun. Qizim Mavluda Xudoyorova oʻz bilimi bilan Prezident maktabiga oʻqishga kirib, hammamizni sevintirdi, – deydi Xosiyat Tojiyeva. – Ushbu maktabda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishar ekanman, koʻzlarim quvonchdan yoshlandi. Prezidentimizning chekka hududlardagi bilimli yoshlarning eng zamonaviy sharoitlarda bilim olishi, yetuk kadrlar boʻlib ulgʻayishi uchun koʻrsatayotgan cheksiz eʼtibor va gʻamxoʻrligidan boshimiz osmonga yetdi. Adolat va xalqparvarlik hukm surayotgan yurtimizga fayzu baraka yogʻilaversin.

Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 11 nafar xorijiy yuqori malakali mutaxassis hamda 20 nafar mahalliy oʻqituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro taʼlim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.

–Janubiy Afrika Respublikasidan keldim, – deydi matematika fani oʻqituvchisi Tandolvesu Haiya. – Buyuk allomalar Al-Xorazmiy va Al-Beruniy yurtiga kelib ularning avlodlariga dars berayotganimdan mamnunman. Oʻzbekistonlik yoshlar ilmga chanqoq, intellektual salohiyati juda yuqori. Oʻylaymanki, bu maktabdan kelgusida oʻz kashfiyotlari bilan ajdodlari singari butun dunyoni lol qoldiradigan olimlar yetishib chiqadi va bunda mening ham hissam boʻlishidan xursandman.

Ahmadjon SHOKIROV, Shonazar QORIYEV (surat), OʻzA