Yaponiya Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabda taʼlim jarayonlarini takomillashtirish uchun grant mablagʻi ajratdi

Oʻzbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi taʼlim muassasasida taʼlim jarayonlarini takomillashtirish uchun Yaponiya hukumatining grantini jalb qildi.

Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam” (Japanʼs Grant Assistance for Grassroots Human Security Projects) dasturi doirasida $41,2 ming miqdorida grant mablagʻini oladi.

17 dekabr kuni Oʻzbekistondagi Yaponiya elchixonasi va Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻrtasida grant ajratilishi boʻyicha memorandum imzolandi.

Loyiha doirasida Yaponiya hukumati ajratgan grant mablagʻlar taʼlim muassasaning “Til markazi”dagi mavjud xonalarni eng soʻnggi rusumdagi axborot texnologiyalari va sinf jihozlarini xarid qilishga yoʻnaltiriladi.

Mazkur loyiha amalga oshirilganidan soʻng maktab oʻquvchilari va hudud aholisi uchun oʻzbek, yapon va ingliz tillarini oʻrganishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi.