Zamon talablariga mos standart yaratilmoqda

Agentlikning Metodik taʼminot va standartlarni ishlab chiqish bo‘limi tomonidan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun zamon talablariga mos Davlat ta’lim standartini yaratish ustida samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 23-24-fevral kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda matematika, ona tili va adabiyot fanlari davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarini yaratishga bag’ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarini yaratishda o‘quvchilarni xalqaro andozalarga mos o‘qitish, milliy va global madaniyatga xos tarbiyalash, ularda hayotiy va fanga oid bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga urg’u berish lozimligi ta’kidlandi.

Seminarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, matematika fanlari doktori, professor A.Agzamov, matematika fanlari doktori, professor B.Haydarov hamda ishchi guruh a’zolari o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflari bilan ishtirok etdi.

Seminar yakunida davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarini yaratish bilan bog’liq masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.