"Zamonaviy ustoz" gazetasida Prezident maktablariga kirish imtihonlarining 1-bosqichi va Agentlik tomonidan malakali pedagoglarni tanlab olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov haqida maqola chop etildi

Maktablarda nima gap?

MAHALLIY PEDAGOGLARGA QO‘YILGAN QO‘SHIMCHA TALABLAR 

Yaqinda Prezident maktablariga kirish imtihonlarining 1-bosqich yakuni bo‘yicha javoblari, shuningdek, malakali pedagoglarni ishga olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalari e’lon qilindi. Xo‘sh, jarayonlar aslida qanday kechdi? 

2021 – 2022-o‘quv yili uchun Respublikamizdagi 14 ta Prezident maktabiga qabul bo‘lib o‘tdi. Umumiy 102 ming 570 nafar o‘quvchining arizalari qabul qilingan bo‘lib, ularning ichidan yangi o‘quv yili uchun jami 1632 nafar talabgor o‘qishga qabul qilinadi. Kirish imtihonlari ikki bosqichda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilning 26-, 27- va 28-iyul kunlari birinchi bosqich saralash imtihonlari o‘z yakuniga yetdi. Natijalar esa 7-avgust kuni Cambridge Assessment International Education tashkiloti veb-saytida e’lon qilindi.

Imtihon jarayonlari haqida 

Joriy yilning 26 – 28-iyul kunlari o‘tkazilgan saralash imtihonlari o‘sha kunlarning o‘zida savollar va javoblar varaqalari pochta orqali xalqaro hamkorimiz Cambridge tashkilotiga yuborilgandi. Bunda har bir sinfda 24 nafardan o‘quvchi o‘qiydi. 5-sinfda ikki sinf tashkil qilinadi. Unda 12 nafardan o‘quvchilar ta’lim olishadi. Saralash imtihonlari natijasiga ko‘ra, bir sinfda 480 nafar o‘quvchi raqobat asosida ikkinchi bosqichga saralab olinadi. Bu yil kirish imtihonlari Toshkent, Namangan, Nukus, Xiva viloyatlaridagi maktablarimizning 5-6-sinflari uchun tashkil etiladi” – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Iqtidorli yoshlarni tanlab olish bo‘lim boshlig‘i Sherzod XUDOYQULOV.

Asosiy imtihonlar 20 – 23-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yakuniy bosqichga saralash imtihonida qatnashgan nomzoddan 32 ming 640 nafari, ya’ni qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan talabgorlar yo‘llanma oladi.

Prezident maktablariga malakali pedagoglarni ishga olish bo‘yicha tanlov natijalari ham 2-avgust kuni e’lon qilingan. Suhbatdan o‘tgan barcha pedagoglarning elektron pochtasiga javoblar xabarnoma tarzida yuborilgan. 65 dan yuqori ball olgan pedagog kadrlar Prezident maktablarida dars berish uchun tavsiya etilgan. 60 dan 64 ballgacha to‘plagan nomzodlar esa zahira kadrlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Prezident maktablariga ishga qabul qilishda pedagoglarga qo‘yilgan qo‘shimcha talablar, shaffoflik haqidagi savolimizga Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Gavhar ESHIMOVAdan quyidagi javoblarni oldik: 

O‘qituvchilarga biz oliy toifa o‘qituvchisi bo‘lmasa ham o‘zgarishga tayyor, ishtiyoqi baland, shijoatkor, til bilish darajasi yaxshi bo‘lgan yosh mutaxassislarga imkon berish maqsadida toifa chekloviga “II” ni belgilagandik. Bu degani hammasi I yoki oliy toifa bo‘lishi kerak degani emas. Kamida o‘z yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan II toifali mutaxassislarga ham imkoniyat berildi. Shaffoflikka kelsak, bunga shubha qilmasak ham bo‘ladi. Nazorat yetarlicha kuchli bo‘ldi va har bir jarayon videoga muhrlandi. Birinchi bosqichimizda – arizalarni ko‘rib chiqishda o‘quvchilarning toifasi, malakasi, til bilish darajasi ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqildi. Ikkinchi bosqichdagi test ishlariga ham agentlik umuman aralashmadi. Bu ham shaffoflikni ta’minlash maqsadida qilindi. Butun test jarayoni Ta’lim inspeksiyasi tomonidan tashkillashtirildi. Uchinchi bosqichdagi suhbat jarayoni ham videoga yozib olindi. 

Jarayonlar haqidagi ma’lumotlar imtihonlarga puxtalik bilan tayyorgarlik ko‘rilganligidan darak. O‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirmasligi uchun Farg‘ona viloyatidagi qabul jarayonlarning So‘x tumanida tashkillashtirilganligini  ham bunga yaqqol misoldir. Yangi o‘quv yilida esa xulosalarimiz yanada oydinlashadi. Agar vaziyat hozirgidek davom etsa, kelgusi yillarda talabgorlar sonining yanada ortishiga hech shubha qilmasak ham bo‘ladi.

 

Dilrabo ZOHID qizi tayyorladi.

“Zamonaviy ustoz” gazetasi 20-son