Endi AS/A level va Xalqaro o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi (IGCSE) sertifikatlarini olish uchun chet elga borishga zarurat yo‘q – mazkur imtihonlarni Prezident maktablari o‘tkazadi!

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan ko‘p qirrali islohotlar natijasi o‘laroq bu boradagi xalqaro hamkorlik miqyosi kun sayin kengayib bormoqda. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan yangi o’quv dargohlari, chet el oliygohlarining filiallari va yurtimiz yoshlariga berilayotgan imkoniyatlar buning yaqqol dalilidir. Yaqinda mazkur sa’y harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Prezident maktablari Kembrijning Xalqaro AS/A level va IGCSE imtihonlarini o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi. 

Ma’lumki, mazkur sertifikatlar xalqaro oliy standart sertifikatlari bo‘lib, ular dunyoning 95 mamlakatidagi 1700 dan ortiq oliygohlar tomonidan tan olinadi. Bu ro‘yxatga "Top 30" talikdagi barcha universitetlar va Buyuk Britaniyada joylashgan oliygohlarning hammasi kiradi. Mazkur OTM lar orasidan Oksford Universiteti, Manchester Universiteti, Stendford Universiteti, Kembrij  va Singapur Milliy Universiteti kabi nufuzli xorijiy ta’lim dargohlari ham o’rin olgan. 

Endi mazkur sertifikatlarni olish uchun xorijga borishga zarurat yo‘q. Cambridge Assessment tashkiloti bilan olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra Prezident maktablari mazkur imtihonlarni tashkil qiladi. A/AS va IGCSE uchun navbatdagi imtihonlar oktabr-noyabr oyida bo‘lib  o‘tadi.  

2021/2022-o'quv yilidagi imtihonlarni Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablari o‘tkazadi. 2022/2023-o‘quv yilidan e'tiboran Respublikamiz hududidagi barcha Prezident maktablari mazkur imtihonlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bunda Toshkent shahri va hududlardagi Prezident maktablari mazkur sertifikatlar uchun imtihonlarni tashkil etuvchi Test markazlari vazifasini bajaradi.

AS/A level va IGCSE sertifikatlari uchun imtihonlar an’anaviy tarzda yilda ikki marta - oktabr-noyabr oylarida va may-iyun oylarida bo’lib o‘tadi. Kuzgi imtihonlar uchun nomzodlar avgust-sentyabr oylarida, may-iyundagi imtihonlar uchun esa mart-aprel oylarida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. IGCSE, AS va A Level imtihonlarini topshirish uchun hech qanday talablar mavjud emas, ya’ni yosh cheklovi, maxsus til bilish sertifikatlari talab etilmaydi. Kembridj 50 turdan oshiq fanlar tanlovini taqdim etmoqda, bir o‘quvchi 5 tagacha fandan imtihon topshirish imkoniyatiga ega.

Agentlik esa, o‘z navbatida markazlashgan tartibda imtihon jarayonlarini tashkil etadi va jarayonni nazorat qiladi.

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, A/AS level va IGCSE sertifikatlari faqat Prezident maktabi ta'lim oluvchilari uchun mo‘ljallanmagan. Mazkur imtihonlarni Respublikamizdagi barcha nodavlat va davlat ta’lim muassasalari o‘quvchilari topshirishlari mumkin. 

 

 

Hilola Umarova
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori