Eʼtirof, eʼtibor, ehtirom

 

Zulfiya Rashidova – Toshkent shahridagi Prezident maktabining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi. Uning tarjimayi holini varaqlar ekansiz,Andijonda pedagoglar oilasida tugʻilgani, 16 yoshda talaba boʻlgani, 20 yoshidan dars berishni boshlagani kabi maʼlumotlarni oʻqib, bu kasbni bejiz tanlamaganligini tushunish mumkin.

Dastlab umumtaʼlim maktablarida, keyin akademik litseylarda faoliyat olib borgan maqolamiz qahramoni, aytish mumkinki, yillar davomida oʻz ustida ishlashga, yoshlarga chuqur bilim berish, dars samaradorligini oshirish, oʻquvchilarning ona tili va adabiyot faniga qiziqishini oshirishga muvaffaq boʻlmoqda.

Zulfiya Rashidova izlanuvchan muallima sifatida innovatsion texnologiyalar va yangi axborot vositalaridan foydalanib, dars oʻtish samaradorligini oshirish orqali oʻquvchilarning bilim sifatini koʻtarish ustida ilmiy-uslubiy faoliyat olib boradi. Kasbiga doir har bir ishga sidqidildan kirishishi, masʼuliyat bilan yondashishini u yuritadigan fan toʻgaraklaridan, taʼlimga doir anjumanlarda eʼlon qilingan tezislaridan, fan olimpiadalaridagi hakam sifatidagi ishtirokidan ham koʻrish mumkin. U 2019-yilda Xalq taʼlimi vazirligi “Cambridge Assessment International Education” trening qatnashchisi sifatida sertifikat bilan taqdirlangan boʻlsa, kuni kecha izlanishlari va mehnatlari Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Xabaringiz borki, bir guruh oʻqituvchilar xalq taʼlimi sohasida barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi fidokorona mehnatlari hamda soha rivojiga munosib hissa qoʻshgani uchun taqdirlandilar. Ularning orasida Zulfiya Rashidova ham bor.

— “Xalq taʼlimi aʼlochisi” nomiga sazovor boʻlish har bir oʻqituvchi kabi men uchun ham sharaf,— deydi Zulfiya Rashidova. —Kamtarona ishimiz uchun koʻrsatilgan bu eʼtibor kishini ruhlantiradi, yana-da yangi marralar sari undaydi.

Bilasizmi, adabiyot fani men uchun shunchaki maʼlumotlar: raqamlar, shaxslar nomlari, asarlar roʻyxati yoki matnigina emas. Adabiyot — bu hayotni turli rakursdan kuzatish, tahlil qilish va xulosalar chiqarish, qolaversa, oʻquvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, lugʻat boyligini oshirish vositasi.Ularda vatanparvarlik, insoniylik, adolat, nafosat, sanʼat, goʻzallik kabi tuygʻularning ildiz otishiga asos ham.Shu sabab mashgʻulotlarda shoir va yozuvchilar haqidagi darsliklardagi maʼlumotlarni aytish bilan cheklanib qolmasdan, boshqa manbalardan ham qoʻshimcha faktlar topishga harakat qilaman. Oʻquvchiga ularning hayotida yuz bergan u yoki bu voqea ijodiga qanday taʼsir qilgani haqida mulohaza yuritishiga, ijodkor mahorati orqali soʻz qudratini his etishiga koʻmaklashaman.

Onlayn darslarga kelsak, bu men uchun oʻziga xos sinov, yangilik boʻldi. Avvalo, vaqtning chegaralangani, yaʼni 15 daqiqa ichida yangi mavzuni tushuntirish, mustahkamlash, qoʻshimcha topshiriq berishga ulgurish kerakligi vaqtdan samarali foydalanish koʻnikmasining yaxshilanishiga katta taʼsir qildi. Shu bilan birga, oʻqituvchidan nutq ravonligi, tushunarliligi, kamera oldida oʻzini tabiiy tutishi taqozo etilardi. Vaholanki. oʻquvchilarning nigohlaridan tushunayotgani yoki savol tugʻilganini anglagan holda dars oʻtishga oʻrgangan ustozlarga bu biroz qiyin kechdi. Fursatdan foydalanib, bu borada oʻz maslahatlarini ayamagan Xalq taʼlimi vazirligi va televideniye jamoasiga hamda boshqa mutaxassislarga alohida rahmat aytaman. Ularning koʻmagi bilan masʼuliyatli vazifani ado etishga baholi qudrat harakat qildik.

Masofadan dars berishning nafaqat oʻziga xos qiyinchiliklari, balki turli qiziqarli jihatlari borligini tushundim. Agar abituriyentlar uchun onlayn darslar tashkil etilsa, mavjud vaziyat tufayli oʻz ustida ishlash, qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnashish imkoniyatiga ega boʻlmayotgan oʻquvchilarning talabalik maqomiga erishishlariga hissamni qoʻshishdan faqat xursand boʻlaman”.

Zulfiya Rashidova nafaqat malakali, tashabbuskor oʻqituvchi, u ona, sevimli rafiqa, oila bekasi hamdir. Bir oʻgʻil va bir qizni zamonaviy bilimlarga oshno qilib, yurt koriga yaraydigan mutaxassis boʻlishi yoʻlida saʼy-harakatlar olib boradi. Ishdan tashqari, uy yumushlari, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishning mashaqqatini, masʼuliyatini tasavvur qilish qiyin emas. Shunday boʻlsa-da, izlanishdan, intilishdan, kasbini sidqidildan ado etishdan qochmaydigan Zulfiyaxon kabi pedagoglar, fidoyi insonlar oramizda koʻplab topiladi. Ularning fidoyiligi, kasbiga sadoqatini qahramonlik, deb baholash mumkin.

Zilola Ubaydullayeva.