“FaVe” va “Medic” mobil ilovasi

Mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirish, malakali kadrlarni oʻqitish, dasturiy mahsulotlar koʻlamini kengaytirish yoʻnalishida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi davrda roʻy berayotgan oʻzgarishlar tufayli eng kam iqtisodiy zarar koʻrgan kasb egalari bu dasturchilar boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmas. Bu esa, oʻz oʻrnida, yoshlarga kompyuter dasturlash asoslari, robototexnika, axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish yana-da dolzarb vazifaga aylanishi kerakligini taqozo qilmoqda. Bu kasbga qizlarning ham katta qiziqish bildirishlari alohida tahsinga loyiq. Respublikamizdagi oʻrta maxsus maktablar oʻquvchilari bilan bir qatorda, Agentlik tasarrufidagi maktablarning oʻquvchilari ham “Technovation-Uzbekiston 2020“ tanlovida ishtirok etmoqdalar.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining oʻquvchi qizlari “FaVe” mobil ilovasini taqdim qilishdi. Bu mobil ilovaning asosiy maqsadi – oilalarda er-xotin munosabatlarini mustahkamlashga koʻmaklashish, ularning oʻrtasida oʻzaro tushunmovchiliklarni bartaraf qilish, insoniy munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchi qizlari esa “Medic” ilovasini taqdim qildilar. Ilova bemorlarga oʻziga kerakli shifokorni qisqa muddatda topishga yordam beradi. Shuningdek, xususiy hamda davlat klinikalari bu ilova orqali oʻz xizmatlarini tavsiya qilishlari ham mumkin.

Tanlovning asosiy maqsadi jamiyatda mavjud kamchiliklarni payqash va axborot texnologiyalari orqali ularni bartaraf etishga koʻmaklashish. Qizlarimiz jamoalari tomonidan yaratilayotgan bu kabi ilovalar qanchalik insonlarga koʻmak beradi – buni vaqt koʻrsatadi, albatta. Lekin hech bir shubha yoʻqki, ularning bugungi kundagi harakatlari va izlanishlari ularning ulkan izlanishlari tomon birinchi qadamlaridan boʻlib, kelajakda ularga ulkan foyda qilishi aniq.

“FaVe” ilovasining havolasi: https://www.youtube.com/watch?v=Ev_u-WPRrdQ&feature=youtu.be

“Medic” ilovasining havolasi: https://www.youtube.com/watch?v=Zhqd_GfZFQM&feature=youtu.be