2019-2020 oʻquv yili natijasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalari bitiruvchilari 32 ta oltin va 5 ta kumush medallariga loyiq deb topildi.
Jumladan, ijod maktabi bitiruvchilari 26 ta oltin va 3 ta kumush medallarini qoʻlga kiritdi. Ixtisoslashtirilgan maktablarning olti nafar bitiruvchisi oltin va ikki nafari esa kumush medal sohiblariga aylandi.
Shuni taʼkidlash lozimki, 2019-2020 oʻquv yili natijasiga koʻra Prezident maktablari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida faoliyat yurita boshladi va hozirda mazkur maktablarda 11-sinf bitiruvchilari yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida” nizomni tasdiqlagan edi.
Nizomga koʻra, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazorat, chorak, yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan.
Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.