JANUBIY KOREYA TAʼLIM TASHKILOTI VAKILLARI MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABIGA TASHRIF BUYURISHDI

Shu kunlarda Incheon Metropolitan City taʼlim boshqarmasi vakillari mamlakatimiz taʼlim tizimi bilan tanishish hamda ijodiy konvergensiya (Creative Convergence Education) boʻyicha xalqaro oʻquvchilar, oʻqituvchilar hamda talabalar almashish dasturi boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida respublikamizda boʻlib turibdi.

Delegatsiya vakillari bugun Muhammad al-Xorazmiy maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbariyati bilan uchrashdi. 

O‘zaro muloqotda  ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni oshirish, tizimdagi o‘qituvchi va o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, maktab direktorlari uchun treninglar, turli yoʻnalishlar boʻyicha onlayn va oflayn tarzda seminarlar tashkil qilish, shuningdek, maktablarga koreyalik oʻqituvchilarni jalb etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Mehmonlar maktablarimizdagi taʼlim dasturlari, baholash tizimi, o‘quvchilarning zamonaviy axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va robototexnika kabi yo‘nalishlarda yaratgan loyihalari bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolari va o‘quvchilar o’rtasida qiziqarli suhbatlar ham tashkil etildi.