Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktabda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi

Mirzo Ulugʻbek nomidagi fizika, matematika, astronomiya va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi.

Mazkur tadbir mamlakatimiz boʻylab harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Milliy gvardiya, Mudofaa Vazirligi va Ichki ishlar organlarining ijobiy imijlarini oshirish hamda tizimlardagi kuch va vositalarning salohiyatini namoyish qilish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda Milliy gvardiya, Mudofaa Vazirligi va Ichki ishlar organlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Milliy gvardiya harbiy orkestr jamoasi davlat madhiyasi bilan ochib berdi. Davlat madhiyasi ostida mamlakatimiz bayrogʻi koʻtarildi.

Keyin tadbirga taklif etilgan Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari qoʻl jangi koʻrgazmali namoyishlarini taqdim etdilar.

Shu bilan birga oʻquv muassasasi hududida harbiy qurollar koʻrgazmasi tashkil etildi. Maktab oʻquvchilari va mehmonlar harbiy qurollar namunalari bilan tanishdilar.

Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbir faollar zalida davom ettirildi. Maktab oʻquvchilari mehmonlarga oʻzlari tayyorlagan sahna koʻrinishlarini namoyish etdilar.

Shu bilan birga taklif etilgan yurtimiz faxriylariga soʻz berildi. Faxriylar bosib oʻtgan oʻz hayot yoʻllari haqida soʻzlab berdilar, yoshlarni tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetish, harbiy xizmatni sidqidildan oʻtash, doimo vijdonli va mard boʻlish, Vatanimizni koʻz qorachigʻidek himoya qilishga daʼvat etdilar.