PIIMA direktori Qorakoʻl tumanidagi xalqaro matematika maktabi faoliyati bilan tanishdi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Sarvar Babaxodjayev Buxoro viloyat Qorakoʻl tumanidagi xalqaro matematika maktabiga tashrif buyurdi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil 9-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori binoan “Xalqaro matematika maktabi” maqomi berildi. Maktab bitiruvchilarining 95 foizi oliy oʻquv yurtiga kirishmoqda. Turli olimpiadalarda, yaʼni viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Xalqaro matematika maktabiga tashrifi davomida Sarvar Babaxodjayev mazkur oʻquv muassasasi faoliyati bilan tanishdi va agentlik tizimiga kiruvchi maktablar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha fikr bildirdi.

Mazkur hamkorlik agentlik tizimiga kiruvchi maktablarda matematika fanini oʻqitishni yana-da takomillashtirish va oʻqituvchilarning malakasini oshirish imkoniyatini yaratadi.

Shuni taʼkidlash lozimki, 2020-2021 oʻquv yilidan Toshkent shahridagi Prezident maktabi va Xalqaro matematika maktabi bir necha yoʻnalishda hamkorlik qilishni boshlashdi.

2020-yil oktabrning soʻnggi haftasida Qorakoʻl maktabi maʼmuriyatining Prezident maktabiga tashrifi kutilmoqda. Shuningdek, 2020-2021 oʻquv yilining ikkinchi choragidan Qorakoʻl maktabining oliy toifali matematika fani oʻqituvchilari va Prezident maktabining xorijiy oʻqituvchilari oʻzaro tajriba almasha olishlari uchun sharoit yaratib berish maqsadida onlayn dars va treninglar tashkillashtirish, xalqaro olimpiadalarda sovrinli oʻrinlarni egallab kelayotgan oʻquvchilar oʻrtasida ham muloqotni yoʻlga quyish rejalashtirilgan.

Kelajakda bunday hamkorlik aloqalari Agentlik tizimiga kiruvchi boshqa maktab muassasalari bilan ham oʻrnatilishi rejalashtirilgan.

- Qorakoʻl maktabi matematika fanini oʻqitish va mazkur fan boʻyicha xalqaro olimpiadalarga oʻquvchilarni tayyorlash boʻyicha katta tajribaga ega. Bizning tizimda maktablar faoliyatini boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmadi va Xalqaro matematika maktabining tajribasi ularga faoliyatlarini yana takomillashtirishga imkoniyat yaratadi, - dedi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Babaxodjayev.