Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda 5 ta tashabbus keng joriy etilmoqda.

19 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilganiga 1 yil to‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 tashabbusning IV yo‘nalishi – “Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5815-son farmoni va shu kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4444-son qaroriga binoan agentlik tashkil etildi.
Uning tarkibiga Prezident maktablari, ijod maktablari, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati hamda Ibn Sino nomidagi yosh biolog va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati kiritildi. Mazkur maktablar iqtidorli bolalarni aniqlash, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda bilim berish bo‘yicha yagona tizimga birlashtirildi.
Bugungi kunga kelib yurtimizda ijod maktablari soni 9 taga yetdi. Ular umumiy tuzilma ostida faoliyat olib boradi. Ijod maktablariga iste'dodli o‘quvchilarni ijodiy tanlov asosida saralab olish maqsadida ona tili, adabiyot va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Agentlik ish samaradorligining eng muhim ko‘rsatkichlari o‘quvchilarida vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatni shakllantirishga qaratilgan. Bunga malakali va tajribali, chuqur bilimga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va o‘qitishning innovasion uslublarini yaxshi biladigan, mahoratli pedagoglarni jalb qilish orqali erishish belgilangan. Ushbu maktab o‘quvchilariga davlat va chet tillarni mukammal o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘zbek va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san'at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi asarlarga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxonalar o‘quvchilar ixtiyorida.
 Ijod maktabining umumta'lim maktabidan farqi:
1. Ona tili, adabiyot, chet tillari va ixtisoslik fanlari chuqur o‘rgatiladi.

3. Mashhur adiblar, yozuvchilar, shoirlar tomonidan muntazam ravishda master klasslar tashkil etiladi.
4. Oliy ta'lim muassasalariga biriktiriladi, OTM lar metodik yordam beradi, o‘qituvchilar bilan ta'minlaydi.
6. Yangi o‘quv yilidan ijod maktablarining o‘quv rejasi takomillashtiriladi. Jumladan.
12 ta asosiy fanning (ona tili va adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, tarbiya, rus tili, ingliz tili, geografiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) darslik va o‘quv dasturlarini yangidan ishlab chiqiladi va interaktiv tarzda chuqurlashtirib o‘qitiladi.
10 ta to‘ldiruvchi fanning (musiqa, tasviriy san'at va chizmachilik, texnologiya, jismoniy tarbiya, dunyo dinlari tarixi, davlat va huquq asoslari, odobnoma, vatan tuyg‘usi, iqtisodiy bilim va tadbirkorlik asoslari) bir qismi asosiy fanlarga integratsiya qilinishi va qolganlarini fakul'tativ sifatida o‘qitilishi belgilanadi. Bu esa, o‘z-o‘zidan, ijod maktablari o‘quvchilari orasidan bo‘lajak tarjimon, jurnalist, lingvist olim, shoir, yozuvchi, diplomatlarni tayyorlashda bosh ta'lim maskani bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, bu tarzda ta'lim ona tili va adabiyotdan chuqur bilim egallagan o‘quvchilarimizning bilimlarini har tomonlama baholash uchun ona tili bo‘yicha milliy test tizimini yaratish davrning taqozosiga aylanmoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchi kirish imtihonlarida bilimini qolgan fanlarni topshirishga yo‘naltiradi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev tomonidan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san'at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi.
IV yo‘nalish doirasida boshqa loyihalar bilan bir qatorda Yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin yaratish maqsadida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan  loyihalar amalga oshirilmoqda.
Loyihalar doirasida Agentlik tasarrufidagi barcha maktablarda yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning fevral' oyida ijodkor o‘quvchilarimiz tashabbuslari bilan, ijtimoiy tarmoqlarda hazrat Mir Alisher Navoiy va Mirzo Bobur adabiy merosini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish va ularning mumtoz adabiyotimiz xazinasiga qo‘shgan bebaho asarlarini dunyoga tarannum etish maqsadida, fevral' oyi davomida #NavoiyDay va #BoburDay xeshtegi ostida targ‘ibot aksiyasi tashkil qilindi.
Shoirlarimiz ijodiga bo‘lgan ehtiromimizni ifoda etish maqsadida bir oy davomida ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali Agentlik tasarrufidagi maktab o‘quvchilarining adabiyotga bo‘lgan hurmatlarini namoyish qilib bordik.
Har yili Internet olamida an'anaga aylanib kelayotgan ushbu ajoyib tashabbusda Xalq ta'lim vazirligi ham biz bilan faol ishtirok etishdi! #NavoiyDay va #BoburDay xeshtegi ostidaga challenge ni davom ettirishda AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum hazrat  Navoiyning tavallud kuni munosabati bilan o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi.
Ta'kidlash lozimki, 5 tashabbus amaliyoti joriy etilgan Agentlik tasarrufidagi 16 ta Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda kitobxonlik kechalari o‘tkazildi. Ushbu tadbirga jami 3 361 nafar o‘quvchilar jalb etildi. Yozuvchi va shoirlar bilan davra suhbatlari tashkil qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston respublikasining Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Prezident maktablariga badiy kitoblar sovg‘a qilindi. Ijod maktabi o‘quvchilaridan biri bo‘lmish Ozodova Hosila Shuxrat qizi - ingliz tili fanidan “Spelling Bee” nodavlat olimpiadaninng saralash bosqichi g‘olib bo‘lib, yarim finalda ishtirok etdi. Matematik fanidan Xalqaro SEAMO olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Avstraliyada o‘tkaziladigan final bosqichida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi. “Men eshitgan ertaklar” Respublika  tanlovida faol ishtiroki uchun Diplom bilan taqdirlandi.
Karimov Javohir Abdukarim o‘g‘li - “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik tanlovining Xorazm viloyat bosqichida 1- o‘rinni egallab, respublika bosqichida 4-o‘rinni egalladi.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil qilish bo‘yicha PF-5815 sonli Prezident Farmonining 9  bandida belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar ijod maktablarining kutubxonalarini Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-resurs bazasiga ulanishini ta'minlash ko‘rsatmasi to‘la qonli amalga oshirilib, xozirda ijod maktabining 679 nafar o‘quvchisi ushbu manbadan muvofaqiyatli foydalangan.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida ijod maktablarida mushoira kechalari tashkil qilinib o‘qituvchilar tomonidan asar tahlili juda tushinarli matn orqali o‘quvchiga yetkazilib berilyapti. Masalan Manzura Abdullaeva Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori “Quyoshli qalbning, quyoshli kalomlari” (https://telegra.ph/%D2%9AUYOSHLI-%D2%9AALBNING-%D2%9AUYOSHLI-KALOMLARI-02-08) nomli maqolasida Alisher Navoiy ijodiga ulkan muhabbatini namoyon qilgan. Bu kabi maqolalar albatta yoshlarda kitobga bo‘lgan mehrini yanada oshiradi.
Shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan Abdulla Qodiriy ijod maktabidagi “Turon” kutubxonasida, Qodiriy izdoshlari jamoasi ustozlari boshchiligida yeg‘ilib asarlarni tahlil qilishadi.
Asosiy maqsadimiz 5 ta tashabbus loyihasini amaldagi tatbig‘ini ko‘rish va uni hosilini kelajakda jamiyatimiz farovonligi va rivojida tatbiq qilishdan iborat.