Mamlakatimizda 2021-yilda ijod maktablarining soni yana bittaga koʻpayadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19-oktabr kuni “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorini imzoladi.
Mazkur qarorga koʻra, 2021-yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi.
Shu bilan birga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz oʻqitish konsepsiyasini ishlab chiqadilar hamda 2021/2022 oʻquv yilidan barcha taʼlim muassasalarida shu asosda oʻqitishni yoʻlga qoʻyadilar.
Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiy vorislari” gʻazalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Beshta muhim tashabbus doirasida yosh dasturchilarni keng jalb etgan holda Alisher Navoiy asarlarining mobil ilovalarini yaratish boʻyicha ishlar olib boriladi.
Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimida ayni paytda ona tili va adabiyoti hamda xorijiy tillarni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan 9 ta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda.
Ular Toshkent shahri va viloyatlardagi yirik shaharlarda joylashgan. Kelgusida Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ijod maktablarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.