Agentlik tizimidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashabbusi bilan joriy yilning 15-aprel kuni Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida o`zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 127 yilligi munosabati bilan “Abdulla Qodiriy ijodiy merosining o`zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o`rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy, metodik konferensiya bo`lib o`tdi.
Konferensiyada Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarovaning tabrigi o‘qib eshittirildi:
Xalqimiz doimo ma’naviyatni yuksaltirish yo‘lidan borar ekan, bunda avvalo Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatparvarlarning milliy, xalqparvar g’oyalariga tayangan!
Milliy adabiyotimizda o‘ziga xos o‘chmas iz qoldirgan, o‘zbek romanchiligiga tamal toshi qo‘ygan buyuk adibimiz nafaqat adabiyotimiz rivojiga, balki tilimizning boyishi, tiklanishi va yuksalishi uchun ham beqiyos xizmat qildi.
O‘zbeklar turmushini, tarixini, tilini, urf-odatlarini yaxshi bilgan Abdulla Qodiriy ulardan o‘z asarlarida juda unumli va o‘rinli foydalandi. Adibdan qolgan muhtasham adabiy merosda o‘zbek adabiy tilining go‘zalligi, nafosati, tasvir va ifoda imkoniyatlari o‘z aksini topdi. Shu bilan birga Abdulla Qodiriy ba’zan filolog olimlarga xos qimmatli adabiy-nazariy qarashlari bilan ham o‘zbek adabiy tilining takomiliga xizmat qildi. Bu benazir adabiy-ilmiy xizmatlarni o‘zbek olimlari bilan birga xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etdi.
Davlatimiz Abdulla Qodiriyning xalqimiz manfaati yo‘lida qilgan ishlarni munosib baholab, adib dahosiga hurmat yuzasidan 1991 yilda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan, 1994 yilda „Mustaqillik“ ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Toshkent Davlat Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, respublikaning turli shaharlari ko‘chalariga, koʻplab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. Jumladan, bizning ijod yo‘nalaishida faoliyat olib boradigan maktabimizning Abdulla Qodiriy nomi bilan atalishi ham unda koʻplab qodiriylar tahsil olayotganini va bunda bitirib chiqadigan o‘quvchilarimiz Qodiriyning asil vorislarlari ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, konfrensiyada O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turopjanov, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedovalar ham so‘zga chiqishdi. Shu bilan birga, bir qator xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda (Rossiya, Qozog`iston, Turkiya, Ozarboyjon) o`tkazildi. JanubiyQozog‘iston davlat pedagogika universiteti dotsenti Shahlo Noraliyeva, Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillayevlar ham zoom orqali Abdulla Qodiriy ijodi, “O‘tgan kunlar”romani xususida gapirishdi.
Musiqa va sahna chiqishlari yig‘ilganlarga Qodiriy davrlarini yanada jonli tasavvur qilish imkonini yaratdi. Konfrensiya davomida “Mitti yulduz jilolari” tanlovi g'oliblari ham taqdirlandi. Shuningdek, tashrif buyurgan mehmonlar Abdulla Qodiriy ijod maktabining estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Xalqaro konferensiya yakunida, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “Qodiriy izdoshlari” to`garagi a’zolarining ijodiy chiqishlari bo`lib o`tdi.