XALQARO MAKTABLAR KENGASHI PREZIDENT MAKTABLARI FAOLIYATINI OFFLAYN O‘RGANADI!

Xabaringiz bor, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari CIS (Xalqaro maktablar kengashi) aʼzoligiga qabul qilingan edi. 

Qolgan 10 ta Prezident maktabi esa ayni damda CIS a’zoligiga o‘tish jarayonida.

Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida CIS tashkilotining butun dunyodan yig‘ilgan vakillari yangi tashkil etilgan 14 ta Prezident maktabi faoliyatini offlayn o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Prezident maktablarining CIS a’zoligiga o‘tish talablariga nechog‘lik mos kelishi o‘rganiladi. 

Aʼzolik arizasi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
- CIS ning axloq mezonlari;
- Taʼlim muassasasining maqsadi va yo‘nalishi;
- Yuqori darajali o‘qish va o‘qitish tizimi;
- O‘quvchilarning farovonligi;
- Global fuqarolik.

📌Ayni damda mazkur maktablarning har birida Agentlik mutaxassislari hamda mazkur yo‘nalish bo‘yicha xalqaro ekspert tomonidan seminar-treninglar tashkil etilmoqda. 

Ushbu treninglardan ko‘zlangan maqsad maktab ma’muriyati va xodimlariga CIS talablari haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat.

Treninglar ayni damda CIS a’zoligiga o’tish jarayonida bo‘lgan 10 ta yangi Prezident maktablarida o‘tkazilmoqda.

❗️Ta’kidlash joiz, CIS tashkilotiga a’zo bo’lishi mazkur maktablarning xalqaro darajada tan olinganligini bildiradi.