Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oʻzining rahbarlik faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardanoq kitob oʻqishning inson maʼnaviyatini shakllanishida naqadar katta ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratdilar. Ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, buning uchun barcha shart sharoitlarni yaratib berish va kitobxon yoshlarimizni tizimli ravishda ragʻbatlantirib borish yoʻlga qoʻyilganligi dastlabki kunlardanoq oʻzining ijobiy natijasini berib kelmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning bu yuzadan berayotgan topshiriqlarini izchil amalga oshirib borish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Yoshlar oyligi” doirasida 28-iyun kuni Xiva shahridagi Prezident maktabi va Ogahiy nomli ijod maktabining maktab bosqichida gʻolib boʻlgan 10 nafar oʻquvchilari (har bir maktabdan 5 nafardan) oʻrtasida “Yosh kitobxon” onlayn tanlovi boʻlib oʻtdi.
Onlayn tanlovi natijalariga koʻra umumjamoa hisobida Xiva shahridagi Prezident maktabining kitobxon oʻquvchilari mutlaq gʻolib boʻldilar. Prezident maktabi oʻquvchilari nafaqat aniq va tabiiy fanlarni, balki kitobxonlik va ijodkorlik ilmini ham chuqur egallab borayotganliklarini isbot qildilar.
Onlayn tanlovning shartlariga koʻra ishtirok qilgan oʻquvchilarning har biriga qurʼa tashlash yoʻli bilan alohida tuzilgan 10 tadan savol berildi. Savollar murakkablik va osonlik darajalari bir xil boʻlgan tarzda Yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan tanlab olindi. Yakuniy natijalarga koʻra Prezident maktabining 10-sinfini muvaffaqiyatli yakunlab, 11-sinfga qadam qoʻygan Barno Rustamova 9 ball toʻplab birinchi oʻrinni egalladi.
Barno Rustamova joriy yil 12-13-mart kunlari muhtaram Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida davlatimiz rahbari bilan bevosita uchrashib, oʻzaro muloqot qildi va oʻzining ijobiy fikrlari, kelgusidagi rejalarini bayon qilib, yurtboshimiz mehrini qozonishga musharraf boʻldi. Shundan yana-da bilim olishga va munosib avlod boʻlishga intilishi kuchaydi, natijada 10-sinfni sinfdoshlari orasida alohida yutuqlari bilan yakunladi.
Hakamlar hayʼatining xulosasiga koʻra 2-oʻringa ham Prezident maktabi oʻquvchilari loyiq deb topildilar. 8.5 balla toʻplagan 11-sinf oʻquvchilari Barchinoy Ibodullayeva va Shahnoza Qodirberganovalar 2-oʻrin sohibalari boʻldilar. Har ikkala oʻquvchi ham oʻzlarining bilim salohiyatlari, kitob oʻqishni jon dildan sevishlari natijasida maktabda oʻtadigan tarbiyaviy tadbirlar, bellashuvlarning faol ishtirokchisi boʻlib kelmoqdalar.
Prezident maktabining 8-sinfini yakunlab, ijobiy baholar bilan 9-sinfga qadam qoʻygan Elshod Gʻoyibov kitobxonlik borasida oʻzining dastlabki yutugʻini qoʻlga kiritdi 7.5 ball toʻplab 3-oʻrinni egalladi. Elshod Gʻoyibov 8-sinfga kelguncha juda koʻplab kitoblar oʻqigan. Unga ota onalari tomonidan oilaviy kutubxona tashkil qilib berilgan. Bu qilingan ijobiy ishlar natijasida yozgi taʼtil davridagi ilk muvaffaqiyatiga erishdi.
Oldinda esa juda koʻp tanlovlar bellashuvlar turibdi. Biz oʻquvchilarimizga kelgusi oʻqishlarida yana-da samarali natijalarga erishishlarini tilab qolamiz. Oʻz farzandlarining kelajagini oʻylayotgan va barcha sharoitlarni yaratib bergan ota onalariga, fidoyi ustozlariga minnatdorchilik bildiramiz.