Xiva shahridagi Prezident maktabida 5 tashabbus boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tobora rang-baranglik va mukammallik bilan davom etmoqda

Prezident maktabida tashkil qilingan robototexnika toʻgaragi mashgʻulotlari oʻtkaziladigan xona oʻquvchilarning eng sevimli maskaniga aylandi. U yerdagi robototexnikalarni “jonlantirish” uchun albatta fizika, elektrotexnika qonun va qoidalarini mukammal bilish, mantiqiy fikrlash talab qilinadi.

Ushbu talablarni uddasidan chiqayotgan oʻquvchilar bugun yaxshi natijaga erishdilar. Berilgan chizma asosida yigʻilgan dron uskunasi bugun parvoz qildi. Xonada joylashgan boshqa turdagi robototexnikalarni ham yigʻish va ishga tushirish havasi uygʻongan oʻquvchilar ishga oʻzgacha qiziqish bilan kirishdilar.

Maktabda tashkil qilingan sport toʻgaraklari ham reja asosida faoliyat yuritmoqda. Oʻquvchilarning kundan kunga malakalari oshib, oʻtkazilayotgan musobaqalar yana-da qizgʻin tus olmoqda.

Ayniqsa, suzish havzasida shugʻullanishni istovchi oʻquvchilarning soni oshib borayotganligi quvonarli holdir. Malakali murabbiy tomonidan oʻtkazilayotgan musobaqa tarzidagi suzish mashqlari oʻquvchilarga ertangi kunda zarur boʻlgan bardamlik va chaqqonlikni bagʻishlamoqda.

“Yosh rassomlar” toʻgaragida bu yil 579-yilligi nishonlanadigan buyuk shoir va alloma Alisher Navoiy siymosini chizish istagidagi oʻquvchilar tomonidan qilingan harakatlar ham samarali boʻldi. Ulugʻ adibga boʻlgan hurmat va eʼtibor, uning ijodiga boʻlgan qiziqish ranglar orqali tasvirga aylandi. Oʻquvchilarning shoirga boʻlgan qattiq ixloslari tufayli bu ishni ham uddaladilar.